O‘zbekiston delegatsiyasi MDHning urug‘chilik bo‘yicha 27-yig‘ilishida ishtirok etdi
2026-10-08 15:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Yig‘ilishda MDH davlatlari o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, seleksiya va zamonaviy urug‘chilik tizimlarini takomillashtirish, 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini davlatlararo ixtisoslashtirish hamda yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish, qurg‘oqchilik va kasalliklarga chidamli, yuqori hosildor navlarni yaratish va joriy etish, urug‘chilik sohasini raqamlashtirish hamda sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashildi. Tadbirda MDH doirasida urug‘chilik va seleksiya sohasidagi davlatlararo integratsiyani mustahkamlash, milliy urug‘chilik tizimlarini rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan urug‘chilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi ham e’tirof etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyevga urug‘chilik sohasidagi davlatlararo aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun MDH Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashining Faxriy yorlig‘i topshirildi.
Shu bilan birga, uchrashuvlarda yuqori hosildor qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini eksport qilish, yangi navlarni o‘zaro sinovdan o‘tkazish, ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma loyihalar va tajriba maydonlarini tashkil etish kabi amaliy yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Sh.G‘aniyev tomonidan quyidagi muhim ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi:
– Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Tangriguli Ataxalliyev bilan yuqori hosildor qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini eksport qilish, yangi navlarni o‘zaro sinovlarini tashkil qilish va sohaga oid ilg‘or tajribalarni almashish masalalari muhokama etildi;
– Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ziyozoda Sulaymon Rizoyi bilan urug‘chilik sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida erishilgan yutuqlar va yangi agrotexnologiyalarni Tojikistonga transfer qilish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, «Uzbek seeds» milliy brendi ostida mahalliy urug‘lik materiallari eksportini kengaytirish, urug‘chilik tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va sohada raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.






