Qishloq ayoli – oziq-ovqat xavfsizligi va agrar taraqqiyotning muhim kuchi
2026-10-08 11:15:00 / Ommaviy tadbirlar

Nufuzli xalqaro anjumanda qishloq xo‘jaligida xotin-qizlarning o‘rni, fermer ayollarning zamonaviy agrar taraqqiyotdagi ishtiroki, ilm-fan va innovatsiyalarning qishloq xo‘jaligiga tatbiqi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ayollarning hissasi kabi muhim masalalar muhokama qilinmoqda.
Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugungi kunda agrar sohada ayollarning o‘rni va ahamiyati tobora kengayib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi – bu nafaqat texnika, texnologiya, hosildorlik va iqtisodiy samaradorlik, balki, avvalo, inson omili mujassam bo‘lgan sohadir. Bu jarayonda ayollarning o‘rni va hissasi beqiyosdir. Zero, qishloq hayotining barqarorligi, oilalar farovonligi, yerga mehr va mehnat madaniyatining shakllanishida ayollar alohida o‘rin tutadi.
Ayniqsa, bugun butun dunyo oldida turgan eng muhim vazifalardan biri – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdir. Bu borada fermer ayollar nafaqat mehnatkash kuch, balki yangi g‘oyalar, zamonaviy yondashuvlar va innovatsion tashabbuslarning faol ishtirokchisiga aylanib bormoqda.
Vazir o‘z nutqida qishloq xo‘jaligiga yangi avlod fermerlari kerakligini ham alohida qayd etdi. Bu yangi avlod vakillari zamonaviy bilim va texnologiyalarni o‘zlashtirgan, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanadigan, bozor talablarini yaxshi anglaydigan va qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqishga intiladigan tadbirkorlar bo‘lishi zarur.
Bu jarayonda ayollarning imkoniyatlari va salohiyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro forumning bosh g‘oyasi ham aynan shunda: qishloq ayollariga imkoniyat berish – bu faqat bir guruh insonlarni qo‘llab-quvvatlash emas, balki butun agrooziq-ovqat tizimining barqaror va farovon kelajagiga investitsiya kiritishdir.









