Toshkent — jahon agrar muloqotlari markazida
2026-10-07 07:00:00 / Press-relizlar

Joriy yil 7–8-oktyabr kunlari Toshkent shahri xalqaro agrar hamjamiyatning e’tibor markaziga aylanadi. Shu kunlarda poytaxtimizda bir-birini mazmunan to‘ldiruvchi uchta yirik xalqaro tadbir — Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, Oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning Global texnik forumi hamda 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan forum o‘tkaziladi.
Bir qarashda, bu tadbirlar turli mavzularga bag‘ishlangan alohida xalqaro anjumanlardek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa ularni birlashtirib turgan umumiy maqsad bor. Bu — qishloq xo‘jaligini yangi texnologiyalar, ilm-fan, innovatsiyalar, investitsiyalar va inson kapitali asosida yanada barqaror, raqobatbardosh va samarali tarmoqqa aylantirish.
Paxta — jahon bozori va qiymat zanjirlari nuqtayi nazaridan, oziq-ovqat xavfsizligi — global barqarorlik nuqtayi nazaridan, qishloq ayollari esa inson kapitali va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot nuqtayi nazaridan agrar sohaning bir-biri bilan chambarchas bog‘liq uch muhim qirrasini namoyon etadi. Eng muhimi, ushbu tadbirlarning aynan Toshkentda o‘tkazilayotgani tasodifiy emas.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini tubdan transformatsiya qilish, sohani bozor tamoyillari asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni keng joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish hamda qishloq aholisining daromadlarini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan agrar sohani modernizatsiya qilish va uni iqtisodiyotning zamonaviy, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, tashqi bozorlarda raqobatlasha oladigan tarmog‘iga aylantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar bugun xalqaro agrar kun tartibi bilan tobora uyg‘unlashib bormoqda.
Shu ma’noda, Toshkentda nufuzli xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy markazlar, xususiy sektor vakillari va turli mamlakatlar mutaxassislarining bir maydonda jam bo‘lishi — mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro qiziqish tobora ortib borayotganining muhim ifodasidir.
Bu jarayonda Qishloq xo‘jaligi vazirligining xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani jalb etish, milliy agrar salohiyatni xalqaro maydonda namoyish qilish va sohada yangi hamkorlik platformalarini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Paxtaga yangicha nigoh: xom ashyodan global qiymat zanjirigacha
7-oktyabr – Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan tadbirda Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, UNIDO, UNCTAD, IAEA, ITC kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, turli mamlakatlardan soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etadi.
Paxta dalasida boshlangan jarayon qayta ishlash, ip-kalava, mato, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, eksport va jahon bozorlarigacha davom etadi. Demak, paxtachilikda yaratilgan har bir qo‘shimcha qiymat nafaqat fermer daromadi, balki yangi ish o‘rinlari, sanoat rivoji, eksport tushumlari va hududlar iqtisodiy faolligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda paxtachilikda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihati ham aynan shunda — tarmoqni faqat xom ashyo yetishtirishga asoslangan tizimdan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan zamonaviy sanoat zanjiriga aylantirish.
Klaster tizimining rivojlanishi, paxtani chuqur qayta ishlash, to‘qimachilik va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish borasidagi ishlar mamlakatimizning paxtachilikdagi salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Shu sababli Toshkentdagi xalqaro muloqotning mazmuni ham paxtaga kengroq nuqtayi nazardan qarashni talab etadi. Endi masala faqat qancha paxta yetishtirishda emas. Asosiy savol — qancha qiymat yaratish, bu qiymatni kim bilan bo‘lishish, jahon bozorida qanday raqobatlashish va kelajak avlodlar uchun qanchalik barqaror ishlab chiqarish tizimini yaratish haqida.
Ayni paytda global paxta sanoati oldida yana bir jiddiy vazifa turibdi. Iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklanganligi, ekologik talablarning kuchayishi va iste’molchilarning mahsulot kelib chiqishiga bo‘lgan qiziqishi paxtachilikka yangicha yondashuvni talab qilmoqda.
Shu bois regenerativ qishloq xo‘jaligi, biochar texnologiyalari, karbon bozorlari, mahsulotlarni kuzatish tizimlari, mas’uliyatli ta’minot zanjirlari va iqlim moliyasi kabi tushunchalar endi paxta sanoatining uzoq istiqbolini belgilaydigan omillarga aylanmoqda. Tadbir dasturida ham aynan shu yo‘nalishlar qamrab olingan. Shu jihatdan, Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan tadbir doirasidagi panel sessiyalar paxtachilikning bugungi holatini sharhlash emas, balki tarmoqning kelajagini belgilaydigan iqtisodiy, texnologik va ekologik omillarni bir nuqtada birlashtirgan xalqaro muloqot maydoni sifatida ahamiyatlidir.
Global oziq-ovqat xavfsizligi Toshkentdagi xalqaro texnik forum kun tartibida
7-oktyabr kuni paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro tadbir doirasidagi muloqotlar davom etayotgan bir vaqtda, poytaxtimizda yana bir yirik xalqaro forum – Oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning Global texnik forumi o‘z ishini boshlaydi.
Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida 7–8-oktyabr kunlari o‘tkaziladigan forumning asosiy mavzusi — «Weaving Prosperity: Land-linked Agrifood Systems for Landlocked Countries» — Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarda agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish orqali farovonlikni ta’minlashga qaratilgan. Dengiz portlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatining mavjud emasligi ko‘plab davlatlar uchun transport xarajatlarining yuqoriligi, tashqi bozorlarga chiqishdagi qiyinchiliklar, tranzit mamlakatlarga bog‘liqlik va ta’minot zanjirlarining zaifligi kabi muammolarni yuzaga keltiradi. Bu esa o‘z navbatida agrar mahsulotlarning raqobatbardoshligi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq aholisi daromadlariga bevosita ta’sir qiladi.
Bugun bu muammolarga iqlim o‘zgarishi ham qo‘shilmoqda. Qurg‘oqchilik, ekstremal ob-havo hodisalari, energiya va ishlab chiqarish resurslari narxlarining o‘zgaruvchanligi, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar qishloq xo‘jaligi oldida yangi vazifalarni paydo qilmoqda.
Demak, oziq-ovqat xavfsizligi bugun bir mamlakatning ichki vazifasi emas. U transport, savdo, investitsiya, texnologiya, iqlim va xalqaro hamkorlik bilan uzviy bog‘liq global masalaga aylangan.
Toshkent forumining asosiy ahamiyati ham shunda — turli mamlakatlar o‘z muammolarini alohida emas, balki umumiy agrooziq-ovqat tizimining bir-biriga bog‘liq bo‘g‘inlari sifatida ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Forumda iqlim o‘zgarishi va ekologik zaiflik, ilm-fan va innovatsiyalar, savdo va bozorlarga chiqish, mintaqaviy integratsiya, barqaror moliyalashtirish kabi o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlarning birlashtirilishi bejiz emas. Chunki bugun zamonaviy qishloq xo‘jaligida biror muammoni boshqalaridan ajratib hal etish tobora qiyinlashmoqda. Masalan, yangi texnologiyasiz mahsuldorlikni oshirish qiyin. Investitsiyasiz texnologiyani keng joriy etib bo‘lmaydi. Samarali bozorlarsiz ishlab chiqarishning iqtisodiy manfaatdorligini ta’minlash mushkul. Iqlimga moslashmagan agrar tizim esa uzoq muddatda barqaror bo‘la olmaydi. Shu bois forumning asosiy g‘oyasi — agrooziq-ovqat tizimlarini kompleks transformatsiya qilish g‘oyasidir.
O‘zbekiston uchun bu jarayonning yana bir muhim tomoni bor. Mamlakatimiz ham dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlat sifatida transport, logistika, tashqi bozorlarga chiqish, mintaqaviy integratsiya va resurslardan samarali foydalanish masalalarini yaxshi his qiladi.
Shuning uchun Toshkentdagi forum O‘zbekiston uchun faqat mezbonlik emas. Bu — o‘z tajribamizni baham ko‘rish, boshqa davlatlar tajribasini o‘rganish, yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va umumiy muammolarga birgalikda yechim izlash imkoniyatidir.
Forumning yuqori darajadagi ochilishida O‘zbekiston Hukumati vakili, FAO Bosh direktori Syuy Dun’yuy, BMTning yuqori darajali vakili Rabab Fatima, BMTning O‘zbekistondagi Rezident koordinatori Sabina Machl va boshqa yuqori martabali vakillarning ishtiroki rejalashtirilgan.
Fermer ayollar: qishloq xo‘jaligining yangi qiyofasini yaratayotgan kuch
8-oktyabr kuni global texnik forumi bilan parallel ravishda yana bir muhim xalqaro tadbir — Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan «Fermer ayollar: ilm, innovatsiya va agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasi» mavzusidagi xalqaro forum o‘tkaziladi.
Bu tadbirning mazmuni ham bugungi agrar taraqqiyotning muhim bir haqiqatini namoyon etadi: qishloq xo‘jaligining kelajagini faqat texnika va texnologiya emas, inson kapitali ham belgilaydi. Qishloq ayoli bugun faqat oila va xonadon farovonligini ta’minlovchi kuch emas. U fermer, tadbirkor, ishlab chiqaruvchi, innovatsiya tashabbuskori, yangi ish o‘rinlari yaratuvchi va agrooziq-ovqat qiymat zanjirining faol ishtirokchisi sifatida tobora muhim o‘rin egallamoqda.
Shu nuqtayi nazardan, forum fermer ayollarning agrar ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdagi rolini kuchaytirish, ularning agrobiznes va qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligiga qo‘shayotgan hissasini oshirishga qaratilgan.
Forum doirasida fermer ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi va qayta ishlangan mahsulotlar, agroinnovatsiyalar hamda startaplarning namoyish etilishi ham shu jihatdan ahamiyatli. Bu yerda gap faqat mahsulot ko‘rgazmasi haqida emas. Bu — qishloq ayollarining mehnati, bilimi, tadbirkorlik salohiyati va yangi g‘oyalari bozor iqtisodiyotida qanday qiymat yaratayotganini ko‘rsatish imkoniyatidir.
«Yilning eng yaxshi fermer ayoli — 2026» respublika tanlovi g‘oliblarining taqdirlanishi esa bu mehnat va tashabbusning munosib e’tirofi bo‘ladi.
Toshkentda ikki kun davomida bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik xalqaro agrar tadbirlarning o‘tkazilishi tabiiy ravishda bir savolni o‘rtaga qo‘yadi: nega aynan Toshkent?
Javobni so‘nggi yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan o‘zgarishlardan izlash mumkin. Mamlakatimizda agrar sohaga munosabat o‘zgarmoqda. Qishloq xo‘jaligi endi faqat hosil yetishtirish tarmog‘i sifatida emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, eksport, sanoat, investitsiya, texnologiya, bandlik va hududiy taraqqiyotni birlashtiruvchi strategik sektor sifatida qaralmoqda.
Paxtachilikda qiymat zanjirlarining kengayishi, agrar ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalarning kirib kelishi, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarning kuchayishi, investitsiya va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishi — bularning barchasi O‘zbekistonning yangi agrar qiyofasini shakllantirmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilayotgan strategik vazifalar esa bu jarayonning asosiy harakatlantiruvchi omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar, moliya institutlari, ilmiy markazlar va xususiy sektor bilan hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar ham ana shu siyosatning amaliy ifodasidir.
Shuning uchun Toshkent bugun nafaqat xalqaro tadbirlarni qabul qilayotgan poytaxt, balki agrar sohadagi yangi g‘oyalar, texnologiyalar, investitsiyalar va hamkorliklar kesishadigan xalqaro muloqot maydoni sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Uch tadbir — bir maqsad
7–8-oktyabr kunlari Toshkentda kechadigan uchta xalqaro tadbirning mavzulari turlicha bo‘lsa-da, ularning markazida bitta umumiy masala — inson uchun barqaror va xavfsiz oziq-ovqat tizimini yaratish g‘oyasi turibdi.
Paxtachilikda — yuqori qo‘shilgan qiymat va raqobatbardoshlik.
Oziq-ovqat xavfsizligida — barqarorlik, texnologiya va investitsiya.
Qishloq ayollari masalasida — inson kapitali, teng imkoniyat va iqtisodiy faollik.
Ularning barchasi esa zamonaviy agrar taraqqiyotning yagona manzarasini hosil qiladi.
Bugun jahon qishloq xo‘jaligi oldida turgan muammolar bir mamlakat doirasida hal bo‘lmaydi. Iqlim o‘zgarishi chegara bilmaydi. Oziq-ovqat bozorlari bir-biriga bog‘liq. Texnologiyalar globallashmoqda. Investitsiyalar uchun raqobat kuchaymoqda.
Toshkentda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlarning eng katta ahamiyati ham shunda — turli mamlakatlar va tashkilotlarning tajribasi, ilmiy salohiyati, moliyaviy imkoniyatlari va amaliy tashabbuslarini bir maydonda birlashtirish imkoniyati yaratiladi.
O‘zbekiston uchun esa bu jarayon ikki tomonlama ahamiyatga ega. Bir tomondan, mamlakatimiz o‘zining agrar islohotlari va to‘plagan tajribasini xalqaro hamjamiyatga namoyish etadi. Ikkinchi tomondan, dunyodagi ilg‘or tajriba, texnologiya va investitsiyalarni milliy agrar taraqqiyot jarayonlariga jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Shu ma’noda, 7–8-oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar — bu shunchaki anjumanlar emas. Ular O‘zbekiston agrar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro maydondagi taqdimoti, yangi hamkorliklar uchun ochilayotgan eshik va global agrar muammolarga birgalikda yechim izlash uchun yaratilayotgan muhim muloqot platformasidir.
Eng muhimi, bu tadbirlar O‘zbekistonning jahon agrar hamjamiyatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Toshkent bu ikki kunda paxtadan tortib oziq-ovqat xavfsizligigacha, texnologiyadan tortib investitsiyagacha, fermer mehnatidan tortib qishloq ayollarining iqtisodiy salohiyatigacha bo‘lgan keng qamrovli masalalar muhokama qilinadigan makon emas, balki ular bo‘yicha yangi g‘oya va hamkorliklar tug‘iladigan maydonga aylanadi.
Bu esa O‘zbekistonning agrar sohadagi islohotlari samarasi, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning xalqaro darajadagi e’tirofi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining izchil sa’y-harakatlari natijasida mamlakatimizning global agrar muloqotlarda faol va tashabbuskor ishtirokchi sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin dalilidir.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Axborot xizmatlari bo‘limi
