O‘zbekiston va FAO: mavjud hamkorlik aloqalari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi
2026-10-05 16:25:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli tadbirlar oldidan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy bilan uchrashdi.
Muloqot davomida global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sirini yumshatish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sohada bugungi kunda alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlik doirasida shu kungacha amalga oshirilgan loyihalarning samaradorligi yuqori baholanib, istiqbolda o‘zaro hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Ta’kidlanganidek, xalqaro forumda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlar hamda xususiy sektorning yuqori martabali vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilinadi.









