O‘zbekiston-Rossiya: qishloq xo‘jaligining bir qancha tarmoqlarida hamkorlik aloqalari kengaymoqda
2024-09-23 21:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida Q.Yuldashev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik faol sur’atlarda rivojlanib borayotgani, rossiyaliklar bilan hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanligimizni va mavjud masalalarni hal etish uchun barcha sa’y-harakatlarni qilishga tayyorligimizni ta’kidlab o‘tdi.
Binobarin, rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini yaxshilash ustida ishlayotganimizni, xususan, Rossiyadan ommabop don ekinlari, yog‘, yog‘ va go‘sht mahsulotlari, sut mahsulotlarini xarid qilish mexanizmlarini ishlab chiqayotganligimizni aytib o‘tdi.
Uchrashuvda, Rostov viloyati bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasida bir qancha fikrlar o‘rtaga tashlandi. Bu borada donli ekinlarni yetishtirish, import va eksport hamda logistika masalalari, shuningdek chorvachilik, baliqchilik sohalarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami belgilab olindi.
Agrar sohada o‘zaro kadrlar kooperatsiyasi orqali tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish borasida ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan hamkorlik qilishga hamda bu borada "Ishchi guruh" shakllantirish borasida kelishib olishdi.









