Avstriya kompaniyasi bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichi boshlandi
2026-10-02 11:30:00 / Yangiliklar

Ayni yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Andreas Shitter bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va “Bauer” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga suv tejovchi texnologiyalarni yetkazib berish borasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari atroflicha tahlil qilindi.
Suhbatda zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish orqali suv resurslarini tejash, sug‘orish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim hujjat imzolandi. Xususan, “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasining 2-bosqichi doirasida zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini yetkazib berish va to‘liq o‘rnatish bo‘yicha kontrakt loyihasi imzolandi.









