Serbiyaning ilg‘or bog‘dorchilik tajribasi O‘zbekistonda joriy etiladi
2026-09-08 00:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Uchrashuvda O‘zbekiston hududida zamonaviy mevali ko‘chatlar pitomnigini tashkil etish, ilg‘or ko‘chat yetishtirish va payvandlash texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Hamkorlikning dastlabki bosqichida loyihani Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida boshlash taklif etildi. Mazkur hududda zamonaviy mevali ko‘chatlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish va tajriba maydonlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Serbiyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish maqsadida soha mutaxassislari va talabalar uchun amaliy o‘quv hamda stajirovka dasturlarini tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, 20–30 nafar talaba va soha vakilini zamonaviy ko‘chat yetishtirish, payvandlash, payvandtaglarni tanlash va intensiv bog‘larni tashkil etish yo‘nalishlarida o‘qitish hamda ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida “KALEM VOĆE MILADINOVIĆ” kompaniyasi vakillarining 2026-yil sentyabr–oktyabr oylarida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida loyihani amalga oshirish uchun istiqbolli hududlarni o‘rganish, institut hududida ko‘chat yetishtirish loyihasining dastlabki parametrlarini belgilash, hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliy ishlarni boshlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash rejalashtirilmoqda.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda sifatli va sertifikatlangan mevali ko‘chatlar yetishtirish bazasini kengaytirish, zamonaviy intensiv bog‘dorchilik texnologiyalarini joriy etish, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda kelgusida eksportbop meva yetishtirishni rivojlantirish uchun muhim zamin yaratadi.


