O‘zbekistonda integratsiyalashgan parrandachilik loyihasi amalga oshiriladi
2026-08-27 17:15:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida O‘zbekistonda chorvachilik, parrandachilik, ozuqa ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy tomoni O‘zbekistonda 50 million AQSh dollari miqdoridagi integratsiyalashgan parrandachilik loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Loyiha doirasida ozuqa ishlab chiqarish, broyler va tuxum yo‘nalishidagi parrandachilik, so‘yish hamda qayta ishlash jarayonlarini yagona ishlab chiqarish zanjiriga birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatimizda go‘sht va parrandachilik mahsulotlariga ichki talab, ozuqa ishlab chiqarish uchun xomashyo bazasi, investitsiyaviy imtiyozlar, yer va infratuzilma imkoniyatlari hamda chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar loyihani joylashtirish uchun Jizzax, Samarqand, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarining imkoniyatlarini o‘rganish, mavjud ishlab chiqarish obyektlari va potensial investitsiya maydonlari bilan tanishish masalalarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida “Tycoon” guruhi loyiha bo‘yicha aniq savollar va zarur ma’lumotlar ro‘yxatini taqdim etishi, O‘zbekiston tomoni esa mazkur so‘rovlar asosida tegishli statistik va sohaga oid ma’lumotlarni taqdim etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.









