O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi: e’tirof va ehtirom
2026-08-27 18:35:00 / Ommaviy tadbirlar

Vazir o‘rinbosari Akmal Qosimov tomonidan vazirlikning tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlarga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib, samarali mehnati, jamoatchilikdagi faolligi va yoshlar tarbiyasidagi ibratli faoliyati bilan ajralib turgan xodimlar “Qishloq xo‘jaligi vazirining Tashakkurnomasi” bilan taqdirlandi.
Bunday e’tirof va rag‘bat xodimlar mehnatini munosib qadrlash, ularni yangi tashabbuslar va yuksak marralar sari ruhlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bilim va tajribasini yosh avlod tarbiyasi, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda soha istiqbolini ta’minlashga safarbar etib kelayotgan fidoyi xodimlarning faoliyati alohida e’tirofga loyiq.
Taqdirlangan barcha xodimlarni Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz. Ularga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik va mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivoji yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!




