Kartoshkachilikda hosil va zaxira hajmi oshirilmoqda
2026-08-27 14:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-269-son qarori doirasida belgilangan vazifalar asosida kartoshkachilikda ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2025-yilda respublikada 4,1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan bo‘lsa, 2026-yilda 4,5 mln tonna hosil olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 360 ming tonna ko‘p.
Ekin maydonlari kengaymoqda
Joriy yilda asosiy maydonlarga 238 ming gektar kartoshka ekildi. Shundan 74,4 ming gektari fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalariga, 164,2 ming gektari aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 46 ming gektar ko‘p.
Asosiy maydonlarda yetishtirilgan kartoshka hisobidan joriy yilning yarim yilligida 2 mln 254 ming tonna hosil olindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 119 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, g‘alla va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarda fermer xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalarida 71 ming gektar maydonga kartoshka ekildi. Shundan 50 ming gektari fermer xo‘jaliklari, 21 ming gektari aholi tomorqalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu maydonlardan joriy yil noyabr oyida 1,2 mln tonna kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Zaxira shakllantirilib, narx barqarorligi ta’minlanmoqda.
Aholining mavsumlar oralig‘idagi ehtiyojini ta’minlash maqsadida 400 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan. Shundan 216 ming tonnasi sovutkichlarda, 184 ming tonnasi fermer xo‘jaliklarida saqlanmoqda.
Shuningdek, 2026–2027-yillar qish-bahor mavsumi uchun 262 ming tonna kartoshka zaxirasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida dehqon bozorlarida iste’mol kartoshkasi narxining barqarorligi ta’minlanmoqda. Xususan, 2025-yilda o‘rtacha 5 717 so‘m/kg bo‘lgan kartoshka narxi 2026-yilda 4 169 so‘m/kgni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1 548 so‘m yoki 27,1 foizga arzonlashgan.
Dala sharoitida fermer va dehqon xo‘jaliklarida kartoshkaning ulgurji narxi o‘rtacha 2 500–2 800 so‘m/kg atrofida shakllanmoqda.
Eksport hajmi oshmoqda
Kartoshka eksportida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2026-yil yanvar–avgust oylarida 7,2 ming tonna kartoshka eksport qilinib, 1,5 mln AQSH dollari miqdorida daromad olindi.
Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi 5,7 ming tonnaga, qiymati esa 1 mln AQSH dollariga oshganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, 2026-yil yanvar–iyul oylarida 419,9 ming tonna kartoshka import qilingan. Import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,6 ming tonnaga, qiymat jihatidan esa 21,5 mln AQSH dollariga kamaygan.
Umuman, kartoshka yetishtirish uchun ekin maydonlarining kengaytirilishi, hosil hajmining oshirilishi va mavsumlar oralig‘i uchun zaxiraning shakllantirilishi ichki bozorni barqaror ta’minlash hamda aholi ehtiyojini qoplashga xizmat qilmoqda.
