O‘zbekiston va Mordoviya: agrar hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilandi
2026-08-20 17:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini rivojlantirish, Mordoviya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mavjud kelishuvlarning amaliy samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi agrar savdo hajmi izchil o‘sib bormoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tovar ayirboshlash hajmi 2,3 milliard dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 26,7 foizga oshgan. 2026-yil yanvar–iyul oylarida esa mazkur ko‘rsatkich 1,55 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,7 foizga ko‘paygan.
Uchrashuvda ushbu ijobiy dinamikani Mordoviya bilan amaliy loyihalar orqali yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, shakar mahsulotlari yetkazib berish, O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya savdo tarmoqlariga chiqarish hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Qolaversa, shakar yo‘nalishida Mordoviyaning “Ромодановосахар” korxonasi bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, uning O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish hajmini oshirish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, rasmiylar chorvachilik sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ham ko‘rib chiqib, Mordoviyaning sut va go‘sht chorvachiligidagi tajribasidan foydalanish, chorva mahsuldorligini oshirish, zamonaviy oziqlantirish texnologiyalarini joriy etish hamda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, korxonalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish va erishilgan kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirish muhimligi ta’kidlandi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.




