O‘zbekiston–Eron: agrar hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
2026-08-20 15:05:00 / Yangiliklar

Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati hokimi boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida “AZIMUT Grand Hotel Tashkent” mehmonxonasida ikki mamlakat rasmiylari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida “O‘zbekiston–Eron” biznes-forumi hamda B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirda Eron tomonidan 60 ta, O‘zbekistondan esa 60 ta kompaniya vakillari ishtirok etgani uchrashuvlarning ko‘lami va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikka bo‘lgan qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Forumda qator tashkilotlar qatori Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari ham faol ishtirok etdi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev bugungi O‘zbekiston–Eron biznes-forumi va B2B uchrashuvlari ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, xususan, agrar hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi biznes aloqalarini o‘rnatish va mavjud sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Forumning asosiy maqsadi Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati iqtisodiy salohiyatini namoyish etish, uning investitsiyaviy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini O‘zbekiston ishbilarmon doiralariga taqdim etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlar esa muloqotni bevosita amaliy bosqichga olib chiqdi. Unda tadbirkorlar o‘zaro manfaatli loyihalar, investitsiya imkoniyatlari, mahsulotlar eksport-importi va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.






