O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi agrar hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda
2026-08-18 20:35:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda, ayniqsa, urug‘larni seleksiya qilish, ishlab chiqarish va qayta ishlash yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarda mavjud tajribalarni o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ilg‘or ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, makkajo‘xori urug‘chiligini rivojlantirish va mahalliy urug‘chilik bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Dastlab loyihani 100 gektar maydonda tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yish, keyingi bosqichlarda esa fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali uning qamrovini yanada oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar davomida yangi loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish, innovatsion yechimlarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng tatbiq etish hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ko‘p tarmoqli hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini, ayniqsa, agrar sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish va kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.




