O‘zbekiston va Xitoy agrar ilm-fani yangi bosqichga chiqmoqda
2026-07-30 17:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish va agrar sohada ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida sho‘rlanish va cho‘llanishga qarshi kurashish, suv tejamkor sug‘orish texnologiyalarini rivojlantirish, qurg‘oqchilikka chidamli ekin navlarini yaratish, tuproq unumdorligini oshirish, masofaviy monitoring hamda agrar biotexnologiyalar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, ayni paytda Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda Orolbo‘yi hududida yerlarni tiklash, sho‘rga chidamli o‘simliklarni yetishtirish va paxtachilikda aqlli sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qator ilmiy ishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xitoy delegatsiyasi vakillari Ibrohim Abdurahmonovning o‘simliklar biologiyasi, xususan, g‘o‘za genetikasi sohasidagi ilmiy ishlari xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilganini alohida qayd etib, uning ZF2001 COVID-19 vaksinasi klinik sinovlarini amalga oshirishga ham munosib hissa qo‘shganini ta’kidlashdi.
Muzokaralarda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasida agrar ilm-fan, innovatsiyalar va biotexnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligini zamonaviy ilmiy yechimlar asosida rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi qo‘shma loyihalarni boshlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.









