Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha yangi ilmiy-uslubiy qo‘llanma nashr etildi
2026-07-20 12:35:00 / Yangiliklar

Mazkur qo‘llanma “Agroportal” va “CropAgro” axborot tizimlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini dala konturlari kesimida raqamli hisobga olish, ularning holatini muntazam monitoring qilish hamda sohada raqamli boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Qo‘llanmada kadastr ma’lumotlari, tuproq-meliorativ ko‘rsatkichlar, suv ta’minoti, geografik axborot tizimlari (GIS) hamda masofadan zondlash ma’lumotlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini oshirish, ularni shakllantirish, yangilab borish hamda tahlil qilishning zamonaviy usullari keng yoritilgan.
Shuningdek, unda dala konturlarini shakllantirish, ekinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborot tizimlariga kiritish va yangilash, rejalashtirilgan hamda amalda ekilgan maydonlarni taqqoslash, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarini aniqlash imkoniyatlari amaliy misollar asosida bayon etilgan.
Qo‘llanmada interaktiv xaritalar va avtomatlashtirilgan tahlil vositalari yordamida rahbarlar hamda soha mutaxassislari uchun tezkor va asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishga xizmat qiluvchi amaliy tavsiyalar ham o‘rin olgan.
Mazkur nashr, avvalo, fermer va dehqon xo‘jaliklari, klasterlar, agrofirmalar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, shuningdek, “Agroportal” axborot tizimida ishlovchi barcha yer foydalanuvchilari uchun muhim amaliy qo‘llanma hisoblanadi.
Shu bilan birga, undan davlat tashkilotlari mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talabalar ham ilmiy-uslubiy manba sifatida foydalanishlari mumkin.
Mazkur ilmiy-uslubiy qo‘llanma qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish, ma’lumotlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etishda muhim metodik manba sifatida xizmat qiladi.
