Kartoshka yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalar natija bermoqda
2026-07-15 13:35:00 / Yangiliklar
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga amalga oshirayotgan amaliy tashrifi davom etmoqda. Tashrif doirasida vazir Amudaryo tumanidagi “Xolimbeg” OFY hududida joylashgan “Ro‘zim xudan” fermer xo‘jaligiga qarashli, tuganaklari qizil nur ostida tayyorlanib ekilgan kartoshka maydonlarida bo‘lib, ekinlarning holati va agrotexnik tadbirlarning bajarilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, fermer xo‘jaligining 4 gektar maydonida kartoshkaning serhosil navlari yetishtirilmoqda. Ekinlarni parvarishlash ishlari belgilangan agrotexnik talablar asosida tashkil etilgan bo‘lib, oziqlantirish va sug‘orish jarayonlarida ilmiy tavsiyalar hamda zamonaviy agrotexnologiyalar samarali qo‘llanilmoqda.
Xususan, ekishdan avval kartoshka tuganaklarini 60 kun davomida qizil nur ostida saqlash usuli qo‘llanilgan. Ushbu texnologiya tuganaklarda sog‘lom va baquvvat nihollar hosil bo‘lishini ta’minlab, unib chiqish jarayonini tezlashtiradi, o‘simliklarning bir maromda rivojlanishiga xizmat qiladi hamda kelgusida yuqori va sifatli hosil olish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani hisobiga maydonlardan gektariga 50 tonnagacha hosil olish kutilmoqda. Bu esa Amudaryo tumanining iqlim sharoitida ham zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori va sifatli kartoshka hosili yetishtirish mumkinligini amalda tasdiqlamoqda.
E’tiborlisi, bugungi kunda tumanda yetishtirilayotgan kartoshka nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirishga, balki eksport bozorlariga ham yetkazib berilmoqda. Bu esa aholini sifatli mahsulot bilan ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish hamda fermer xo‘jaliklarining daromadlarini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Maydonlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida vazir amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ijobiy baholab, mas’ullarga hosilni qisqa muddatlarda va talafotlarsiz yig‘ib olish, yig‘im-terim jarayonida texnika vositalaridan samarali foydalanish, shuningdek, mahsulotni saqlash va bozorga yetkazib berish tizimini puxta tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.









