Avgust piyozini yetishtirish bo‘yicha tavsiya
2024-08-19 18:05:00 / Yangiliklar

Ekish uchun piyozning mahalliy “Oq dur”, “Sumbula”, “Bahoroy”, “Hamal”, chet elning “Sibir”, “Aldoba” nav va duragaylarini tavsiya etiladi.
Piyoz urug‘lari erta-kuzgi muddatda janubiy mintaqalarda 5-avgust - 5-sentabr, markaziy mintaqalarda 15-avgust - 15-sentabr, shimoliy mintaqalarda 30-avgust - 30-sentabr oralig‘ida ekiladi. Piyoz urug‘i gektariga 12-15 kg me’yorida sarflanadi.
Piyoz urug‘lari katta maydonlarda “SKON - 4,2”, “SMM – 4” rusumli maxsus seyalkalar bilan yoki kichik maydonlarda qo‘l kuchi yordamida yerning nishabiga qarab qator oralarini 70-90 sm dan olib to‘rt qatorli usulda ekiladi. Urug‘lar yerga 1,5 – 2,0 sm chuqurlikka ko‘miladi.
Piyoz ikki-uch marta dastlab o‘simliklarning bo‘yi 6-8 sm ga yetganda, ikkinchi marta bog‘lab chiqariladigan tovar holiga kelganda o‘toq va yagana qilinadi. Qator oralaridagi begona o‘tlar “KRN-2,8 A” kultivatori bilan yerni 15-16 sm chuqurlikda ishlov beriladi.
Piyoz o‘simligi popuk ildizli sabzavot bo‘lib, ildiz tizimi asosan tuproqning ustki qismiga yaqin joylashgan. Shuning uchun u yerning ustki qismida asosiy oziqa elementlarni ko‘p bo‘lishini talab qiladi.
Yuqori unumdor yerlarga o‘rtacha sof holda 250 kg azot, 200 kg fosfor, 80 kg kaliy, o‘rtacha unumdor yerlarga o‘rtacha 300 kg azot, 220 kg fosfor va 90 kg kaliy va unumdorligi past bo‘lgan maydonlarga 320 kg azot, 220 kg fosfor va 100 kg kaliy berish kerak.
Piyoz ekilishi bilanoq ketma-ket sug‘oriladi. Urug‘ni qiyg‘os undirib olish uchun urug‘ suvi beriladi. Bunda suv jildiratib oqizilib marzaning tepasi qorayguncha to‘xtatilmaydi. Shunda tuproq bir tekis namiqib urug‘ning yoppasiga ko‘karishi uchun sharoit yaratiladi. O‘simlik yaxshi ildiz otib o‘zini obdon o‘nglab olgunicha (kech kuzgacha) suvdan qoldirmaydi.
Shu maqsadda piyoz kuzgi yog‘ingarchilik boshlangunicha o‘suv davrida urug‘ suvidan tashqari yana ikki marta sug‘oriladi. Kuzgi piyoz ko‘klamda aprel oyidan boshlab ya’ni yog‘in-sochin to‘xtagandan keyin sug‘oriladi.
Yuqorida aytilganidek, piyoz ildizlari tuproqning yuza qatlamiga taralishini hisobga olib har galgi sug‘orishda gektariga 350-400 m3 hisobida suv beriladi.

