Vobkent: “Bu yil sabzidan 30, sholg‘omdan 70 tonna xirmon ko‘tarishga yaqinmiz...”
2024-08-19 15:30:00 / Yangiliklar

Darhaqiqat, tumandagi ko‘p qavatli turar joylarda istiqomat qiluvchilarni hisobga olmaganda, barcha xonadonlar o‘z tomorqa yeriga ega ekanligi xorijiy mehmon e’tirof etganidek, katta imkoniyat. Masalan, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi "Changaron" mahalla fuqarolar yig‘inida bugunga kelib 822 ta xonadon va ularda jami 4 mingdan ortiq aholi umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsa, ular ixtiyoridagi tomorqa yeri 62 gektarni tashkil etmoqda.
Mahallada tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanayotgan xonadonlar talaygina. Ular davlatimiz tomonidan tomorqa xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirilayotgani tufayli o‘ziga tegishli yer maydonidan unumli foydalanib, nafaqat oilasi daromadini oshirmoqda, balki bozor to‘kinligi va el-yurt farovonligiga ham munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Jumladan, mahallaning Shakaravon qishlog‘i aholisi, ayniqsa, piyoz, sabzi, sholg‘om, qolaversa, anor yetishtirish hadisini olgan. Bu ixtisoslashuv aholining tomorqaga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Jumladan, namunali tomorqachilardan biri Nabi Rajabov yoshi oltmishni qoralagan bo‘lsa-da, hali bardam-baquvvat. Yillar ortidan mashaqqatli mehnatdan qavargan qo‘llar, yuzdagi ajinlar dehqonga o‘zgacha salobat bag‘ishlagan. Oila yashayotgan hovlining 24 sotixi ekin maydoni. Uning kattagina qismida har yili sabzi ekib yetishtirish kanda bo‘lmaydi. Qolaversa, Nabi Rajabov o‘ziga katta yo‘l yoqasidan dehqon xo‘jaligi sifatida rasmiylashtirib berilgan 50 sotixcha yer maydonida ham takroriy mahsulot sifatida sabzi ekib yetishtirmoqda. Hozir baravj bo‘y ko‘rsatib qolgan paykaldan ko‘z quvnaydi.
Yerning qolgan 2 sotix qismida esa sholg‘om, loviya va oshqovoq ekib yetishtirilmoqda. Ekin yeri yana bir qismida “to‘qsonbosti” usulida kartoshka ekilgan. Bir so‘z bilan aytganda, mana shu tomorqasidan Nabi Rajabov yiliga 2-3 marta barakali hosil olib, bundan mo‘l daromad topmoqda.
— Bu yil sabzi hosili kutilganidan barakali bo‘ldi. Hozirda yarim gektar yerda yetishtirayotgan “Meyonsoli” naviga mansub sabzidan 30 tonnaga yetkazib xirmon ko‘tarishni ko‘zlayapmiz. Shu bilan birga, kech kuzga borib sholg‘omdan ham 70 tonna atrofida hosil olish harakatida oila a’zolarimiz bilan ter to‘kmoqdamiz, — deydi xonadon sohibi Nabi Rajabov. — Yaqin-yaqingacha bu yerlar qarovsiz va bo‘sh yotardi. Asosan chorva mollarimiz uchun ozuqabop o‘t, makkajo‘xori, tariq yetishtirib olardik. Endilikda mana, ikki-uch yildirki, tomorqadan unumli foydalanib, mo‘may daromadni qo‘lga kiritmoqdamiz. Shu yil yakunigacha 40 million so‘mdan oshirib daromad qilishni mo‘ljallab turibmiz. Birgina sabzining o‘zidan 15 million so‘m foydani ko‘zlaganmiz. Bundan tashqari, pomidor, bodring, piyoz ekib yetishtirib ham kam bo‘lmayapmiz.
Xullas, mirishkor oila ekin yerini bo‘sh qo‘ymaydi. Binobarin, "Yerni boqsang, yer seni boqadi", deganlari shu bo‘lsa kerak. Shu kunlarda esa Nabi Rajabov oilasi bilan birgalikda dehqonchilik xo‘jaligida issiqxona qurish harakatiga tushgan. Bundan ko‘rinadiki, astoydil mehnat tufayli yana mahsuldorlik oshiriladi va albatta, qo‘shimcha daromad olinadi.



