O‘zbekiston va Belarus: qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy hamkorlik
2026-07-09 11:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot ishlari, seleksiya va urug‘chilik, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ikki davlat ilmiy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Belarus Milliy fanlar akademiyasi 1929-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning yetakchi davlat ilmiy tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Akademiya qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ekinlar seleksiyasi, urug‘chilik, kartoshkachilik, chorvachilik, qishloq xo‘jaligi texnikalarini takomillashtirish hamda o‘simliklarning genetik resurslarini saqlash bo‘yicha muhim ilmiy izlanishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston uchun istiqbolli hamkorlardan biri bo‘lgan Belarus Milliy fanlar akademiyasining Jodino shahridagi Yerchilik bo‘yicha ilmiy-amaliy markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur markaz ekinlar seleksiyasi, elita urug‘lar yetishtirish, o‘simliklarning genetik resurslarini o‘rganish va zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Belarus olimlari tomonidan yaratilayotgan yuqori hosildor navlar, resurs tejamkor texnologiyalar, aniq dehqonchilik tizimlari, avtomatlashtirilgan texnika va raqamli yechimlar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu ishlanmalar ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va hosildorlikni oshirish imkonini bermoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning amaliy natijalaridan biri sifatida 2024-yil avgust oyida O‘zbekistonning O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti va Milliy genbanki vakillarining Belarusdagi mazkur markazga tashrifi hamda o‘simliklar genetik resurslarini yig‘ish, o‘rganish, saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik to‘g‘risida imzolangan kelishuv qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda innovatsion ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.


