2024-yilda yetishtirilishi kutilayotgan paxta xom ashyosini xo‘jaliklar tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligining “CropAgro” axborot tizimidan birja savdolariga yuborish imkoniyati yaratildi
2024-08-10 17:15:00 / Yangiliklar

Bunda:
– fyuchers shartnomasi bo‘yicha ortiqcha yetishtirilgan paxta xom ashyosi fyuchers shartnomasi tuzilgan klasterga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi mumkin;
– paxta xom ashyosini qayta ishlashdan olingan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o‘lik paxta) to‘liq hajmda birja orqali sotilishi belgilangan.
2024-yilda yetishtirilishi kutilayotgan paxta xom ashyosini xo‘jaliklar tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligining “CropAgro” axborot tizimidan birja savdolariga yuborish imkoniyati yaratildi.
Bunda, fermer va klasterlar o‘rtasida normativ hosildorlikdan kelib chiqqan holda tuzilgan fyuchers shartnomasida ko‘rsatilgan hajmdan tashqari kutilayotgan hosildorlikni O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining "paxta xom ashyosi seksiyasi"da sotishi mumkin.
Qo‘shimcha tarzda yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini birja savdolariga chiqarish va qo‘shimcha tarzda fyuchers shartnomalarini tuzish uchun quyidagi bosqichlar amalga oshiriladi:
1. Xo‘jalik rahbari (fermer) elektron raqamli imzosidan foydalangan holda “CropAgro” axborot tizimiga (https://cabinet-crop2.agro.uz/) manzili bo‘yicha kiradi;
2. Avval tuzilgan fyuchers shartnomalari va sotilgan paxta xom ashyosi hajmi bilan tanishadi;
3. Kutilayotgan hosildorlikni kiritadi;
4. Avtomatik tarzda hisoblangan paxta xom ashyosi miqdorini tekshirib, birjaga yuboradi.
Shuningdek, yetishtirilgan paxta xom ashyosini spot shartnomasi – birja tovarlarining ularni kechiktirmasdan (1 oy ichida) yetkazib berish sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi shartnomasi asosida ham sotish mumkinligi eslatib o‘tiladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining "paxta xom ashyosi seksiyasi"da paxta xom ashyosining narxi (1-nav, 2-sinf) Nyu-York birjasida paxta tolasining fyuchers kotirovkalarining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda, 2024-yilda xarid qilinadigan paxta xom ashyosining 1 kg uchun boshlang‘ich narx 7800 so‘m etib belgilagan.
