Bodring yetishtirish va hosildorlikni oshirishda qanday agrotexnik tadbirlarni qo‘llash zarur?
2024-08-08 14:00:00 / Yangiliklar
Urug‘ tanlash: Ekiladigan bodring urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan), vazndor, zararlanmagan bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi. Urug‘lik ekish oldidan iliq suvda 1-2 soat ivitib qo‘yiladi.
Yer tayyorlash: Urug‘ ekiladigan maydonlar o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotixga 200 kg (10 sotixga 2 tonna) chirigan go‘ng solinadi. Chirigan go‘ng bilan birgalikda 1 sotixga fosforning 75, kaliyning ham 75 foizi beriladi. Bu ko‘rsatkich 1,6 kg ammofos, 1,2 kg kaliy xlorga to‘g‘ri keladi. Tuproq 20- 25 sm chuqurlikda chirigan go‘ng va mineral o‘g‘itlar bilan aralashtirilib yumshatiladi. Yirik kesaklar maydalangach, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari (pol) olinadi.
Ekish muddati va sxemasi:
Ertagi muddat: janubiy viloyatlarda 1- 15-aprel; markaziy viloyatlarda 10-20-aprel; shimoliy viloyatlarda 20-30-aprel.
O‘rtaki muddat: janubiy viloyatlarda 20-aprel-5-may; markaziy viloyatlarda 1-10-may; shimoliy viloyatlarda 1-15-may.
Kechki muddat: janubiy viloyatlarda 10-20-iyul; markaziy viloyatlarda 15-30-iyun; shimoliy viloyatlarda 15-25-may. Bodring 70×140×40 sm oraliqda urug‘ tashlanadi. Ochiq maydonda qo‘lda 70×30 va 90x20 sm sxemada 4-5 sm chuqurlikka ekiladi. Urug‘ sarfi 1 sotixga 50-60 g (10 sotixga 500-600 g). Sepilgandan urug‘lar xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.
Parvarishlash: Unib chiqib nihollar urug‘ palla bargchalari davriga kirgandan keyin birinchi, bitta chinbarg davriga kirgandan keyin esa ikkinchi marta yagana qilinadi. Qator oralarini qo‘l kuchi yordamida ketmon bilan 15-16 sm chuqurlikda o‘simlik atrofi bilan yumshatib turish, mineral oziqa va suv berib borish kerak. O‘suv davri mobaynida har ikki-uch sug‘orishdan keyin qator oralari 15-16 sm chuqurlikda yumshatilib boriladi.
O‘g‘itlash: 1 sotix yerdagi bodring sof holda 5,8 kg sulfat ammoniy, 2,2 kg ammofos, 1,5 kg kaliy xlor o‘g‘itlari bilan oziqlantiriladi. Suvga talabchanligi jihatdan bodring sabzavot ekinlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Naychalash va mevasi yetilgan davrda bodring suvni ayniqsa ko‘p talab qiladi. Vegetatsiya mobaynida ertagi bodring 14-15 marta, kechki bodring sizot suvi chuqur yerlarda 10-11, yuza joylarda esa 8-9 marta sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish: Bodring urug‘i erta bahorda qurug‘icha ekiladi. Agar tuproq yaxshi qizigan bo‘lsa ekishdan oldin urug‘ bir sutka davomida suvda ivitiladi. 1 kg urug‘ga (2 foizli 34% "Vitavaks", 1,5% li 60,7% "Previkur") purkab, urug‘ni zararsizlantirish tavsiya etiladi.
Bodring zararkunandalariga – kanalar, pashshalar, shiralar, tripslar, oqqanotlar kiradi. O‘simlikning o‘suv davrida 10 sotix yerga kanalarga qarshi hosilni yig‘ishdan 20 kun oldin ikki marta "Atilla super" 10% m.k. yoki "Mospilan" 20% n.kuk. (25-30 g) sepiladi. Antraknoz, peronosporoz, askoxitoz, dog‘lanishlar, bakterioz va un shudringlar kasalliklarga qarshi "Kolosal Pro" m.k. (200-300 g/l), "Pinko" 10% em.k. (0,25 l/ga), "Kurzat R" n.kuk. (200-250 g) yoki 1 foizli "Bordo" suyuqligini qo‘llash mumkin. 60-70 litr suvga tayyorlangan aralashma ishlatiladi.
Hosilni yig‘ishtirish: Bodring mevalari 5 sm dan katta bo‘lgandan boshlab yig‘ib-terib olishga kirishiladi. Yig‘im-terim jarayonida bodring novdalariga zarar yetkazmaslik lozim. Vaqtida terib olinmagan bodringlar sarg‘ayib ketadi.