Baqlajon yetishtirish va hosildorlikni oshirishda qanday agrotexnik tadbirlarni qo‘llash zarur?
2024-08-05 13:00:00 / Yangiliklar

Urug‘ tanlash: Ekiladigan urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, sinmagan, vazndor bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash: Urug‘ sepiladigan maydonlar o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotixga 150-200 kg chirigan go‘ng solinadi. Ep 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari olinadi.
Ekish muddati: Baqlajon ko‘chatlarini janubiy viloyatlarda martning ІІІ o‘n kunligi, markaziy viloyatlarda aprelning ІІ-ІІІ o‘n kunligida va shimoliy viloyatlarda aprelning III va mayning І o‘n kunligida 70x40 sm tizimida, yer osti suvlar yaqin bo‘lgan yerlarda 90×30 sm tizimida ekiladi. 1 sotix maydonga ekish sxemasiga qarab 350-360 ta ko‘chat sarflanadi.
Parvarishlash: O‘simliklarga birinchi ishlov berish ko‘chatlar to‘liq tutib olgach boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi ko‘chatlar orasining tuprog‘i yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12-15 kun o‘tgach ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgach yana bir bora chopiq qilinadi. Bunda yer begona o‘tlardan tozalanadi, yumshatiladi, tuproq ko‘chatning atrofiga bosiladi. Baqlajon o‘simligi yaxshi rivojlanib, mo‘l hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib quyilgani ma’qul.
O‘g‘itlash: 1 sotix maydonga tuk holda 7,6 kg sulfat ammoniy, 2,6 kg ammofos, 1,6 kg kaliy xlor o‘g‘itlari beriladi. 1 kg ammofos va 0,75 kg kaliy xlor haydovdan oldin 200 kg chirigan go‘ng bilan birga solinadi.
Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda o‘suv davri mobaynida sug‘orishda har gal 1 sotixga 5-6 m³ hisobidan 18-20, sizot suvi yuza o‘tloqi va o‘tloqi-botqoq tuproqli yerlarda 12-15 marta sug‘oriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda hosil yetilguncha har 8-12 kunda, hosil yoppasiga pishganda esa 5-7 kunda sug‘oriladi. Kuz boshlangandan keyin ekin kamroq sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish: Kolorado qo‘ng‘izi o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazadi. Bu zararkunandaga qarshi kurashda 10 sotixga preparatlardan "Atilla super" 10 em.k. (40 ml) yoki "Karate" 5% k.e. (10 ml) preparatlarini qo‘llash mumkin. O‘rgimchakkanaga qarshi "Omayt" 57% em.k. (150 ml) yoki "Nissoron" 5% em.k. (30 ml), oqqanotga "Mospilan" 20% n.kuk. (25 ml) preparatlarini 60 litr suvda yaxshilab aralashtirib purkash tavsiya qilinadi.
Hosilni yig‘ishtirish: Baqlajon texnik jihatdan yetilganda mevasi yiriklashadi, po‘sti to‘q binafsha ranga kirib, usti yaltirab turadi. Ayni shu vaqtda mevaning eti nozik, taxirsiz va urug‘i qotmagan bo‘ladi. Baqlajon hosili 6-7 kun oralatib bandi bilan uzib olinadi. Sovuq tushishi oldidan hosilning hammasi, jumladan, tuzlashga ketadigan mayda, pishib yetilmaganlari ham yig‘ib olinadi. Pishib ketgan baqlajonning rangi oqara boshlaydi.
