Orolbo‘yida suv resurslarini boshqarishning yangi bosqichi boshlandi
2026-06-03 19:30:00 / Ekofaol xodim

Mazkur hujjat Orolbo‘yi hududida suv resurslaridan foydalanishni yanada samarali tashkil etish, ekologik muvozanatni saqlash va iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Konsepsiya Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Global ekologik fond (GEF) hamkorligidagi “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida ishlab chiqildi. Hujjatni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati vakillari imzoladi.
Mutaxassislar fikricha, konsepsiya suv resurslarini boshqarishda ma’muriy hududlar emas, balki havza tamoyiliga asoslangan yondashuvni keng joriy etishga xizmat qiladi. Bu esa suvdan foydalanuvchilar manfaatlarini muvofiqlashtirish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va ekologik xatarlarni kamaytirish imkonini beradi.
Rejaga ko‘ra, Quyi Amudaryo havzasining ayrim hududlarida suv hisobini raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda mahalliy aholini qarorlar qabul qilish jarayonlariga kengroq jalb etish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.
Tadbir davomida Orolbo‘yidagi suvli-botqoqli hududlarni tiklash, bioxilma-xillikni asrash va yer-suv resurslarini barqaror boshqarish masalalari yuzasidan xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokamalar ham tashkil etildi.







