Qishloq xo‘jaligida yer munosabatlarini isloh qilishning yangi bosqich” mavzusidagi Matbuot anjumani PRESS-RELIZ
2026-05-26 11:00:00 / Press-relizlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–68-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligida respublika ommaviy axborot vositalari vakillari, markaziy telekanallar, internet nashrlari, jurnalistlar, blogerlar, fermerlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini tubdan isloh qilish, yer munosabatlarini bozor tamoyillari asosida tashkil etish, mulkdor va ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy manfaatdorligini kuchaytirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada qabul qilingan PF–68-son Farmon yer munosabatlarini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlash hamda sohada shaffof va adolatli mexanizmlarni joriy etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Matbuot anjumanida Farmon bilan yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tizimini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, yer munosabatlarida inson omilini kamaytirish hamda raqamlashtirish mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Farmonda fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining yerdan foydalanish huquqlarini kafolatli himoya qilish, ularning iqtisodiy mustaqilligini kuchaytirish, yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda aholi bandligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.
Tadbirda mas’ullar tomonidan Farmon asosida qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, intensiv va innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani davomida yer resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, yer maydonlarini talon-toroj qilish va samarasiz ishlatishga qarshi qat’iy choralar ko‘rilayotgani, sohada davlat nazoratining zamonaviy mexanizmlari joriy etilayotgani ham alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Farmonda agrar sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, qishloq xo‘jaligida kooperatsiya tizimini rivojlantirish, qayta ishlash sanoati bilan integratsiyani kuchaytirish, eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangani aytib o‘tildi.
Tadbir ishtirokchilariga bugungi kunda hududlarda yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning aniq hisobini yuritish, elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish, yer ajratish jarayonlarini ochiq elektron platformalar orqali amalga oshirish hamda davlat xizmatlarini soddalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Matbuot anjumanida, shuningdek, agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi — yer egasi va ishlab chiqaruvchining manfaatini ta’minlash, uning mehnati va investitsiyasi himoyasini kuchaytirish, qishloq aholisi daromadlarini oshirish hamda sohada barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishdan iborat ekani alohida urg‘ulandi.
Tadbir yakunida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aholiga tezkor, xolis va tushunarli yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Axborot xizmati – (71) 206-70-20









