Atigi to‘rt yil ichida hosildorlik gektariga 3,2 tonnadan 4,55 tonnagacha oshdi: O‘zbekistonning paxtachilikdagi inqilobi dunyoga nimalarni o‘rgatadi
2026-05-10 17:10:00 / Yangiliklar

Biror mamlakat kamroq yerda ko‘proq paxta yetishtirishi, bunga ancha kam pul sarflab, millionlab fermerlarning turmush farovonligini oshirishi mumkinligi aytilsa, nima deb o‘ylaysiz? Bu hammasi besh yil ichida. Ko‘pchilik buni xomxayol deb atagan bo‘lardi. O‘zbekiston esa buni haqiqatga aylantirdi.
2021–2025-yillar oralig‘ida O‘zbekistonning paxtachilik sohasi yaqin jahon tarixidagi eng keskin agrar o‘zgarishlardan birini boshdan kechirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi tomonidan Genomika va bioinformatika markazi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlanib, yaqinda “Scientific Reports” jurnalida chop etilgan taqrizli tadqiqot ushbu transformatsiyani milliy ishlab chiqarish ma’lumotlari bilan hujjatlashtirgan. Xulosalar g‘oyatda ajoyib.
Voqelikni aks ettirgan raqamlar
Asosiy ko‘rsatkich shuki, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha paxta hosildorligi gektariga 3,24 tonnadan 4,55 tonnagacha, ya’ni 40,4 foizga oshdi. Shu bilan birga, paxta ekiladigan maydon qariyb 1,03 million gektardan 875 ming gektarga, ya’ni 15,1 foizga qisqartirilganiga qaramay, yalpi paxta yetishtirish hajmi 19,3 foizga o‘sdi.
Sodda qilib aytganda: O‘zbekiston ancha kam yerda sezilarli darajada ko‘proq paxta yetishtirdi. Bu esa 155 ming gektardan ortiq yerni bo‘shatish imkonini berdi. Bo‘shagan yerlar oziq-ovqat ekinlari ekish va yoshlarga taqsimlab berildi, bu esa mamlakatning 38 millionlik aholisi oziq-ovqat xavfsizligini bevosita mustahkamladi.
O‘zgarishlarning uch harakatlantiruvchi kuchi
Bu transformatsiya bitta omilning natijasi emas. U birgalikda harakat qilgan o‘zaro bog‘liq uchta kuch bilan ta’minlandi:
1. Yangi avlod navlari. O‘zbekiston o‘zida yaratilgan biotexnologiyalar – RNi-interferensiyasi va markerga asoslangan seleksiya (MAS) usulida yaratilgan “Porloq” va “Ravnaq” seriyasidagi navlarni yangi joriy etilgan Bt/glifosatga chidamli (Bt/Gt) navlar bilan strategik jihatdan uyg‘unlashtirdi. 2025-yilga kelib, ilg‘or texnologiyalar asosidagi navlar mamlakatdagi ekin maydonlarining qariyb 38,5 foizini tashkil etdi. Birgina Bt/Gt navlarining o‘zi o‘rtacha 4,85 t/ga hosil berib, an’anaviy navlarga nisbatan qariyb 9,7 foiz yuqori natijaga erishdi.
2. Paxta ekish usulidagi inqilob. An’anaviy 90 sm qator oralab, egat orqali sug‘orishdan intensiv 76 sm qo‘shqatorli ekish va tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tish gektariga to‘g‘ri keladigan umumiy ishlab chiqarish xarajatlarini taxminan 55,4 foizga qisqartirdi. Suv sarfi 40 foizga kamaydi. Mineral o‘g‘itlar xarajati 82,8 foizga, urug‘likka bo‘lgan talab esa 49 foizga pasaydi.
Yashirin dvigatel: ilmga asoslangan boshqaruv va Kartaxena bayonnomasi bergan ustunlik
Hosildorlik raqamlari ortida qishloq xo‘jaligidagi transformatsiyalarga oid amaliy tadqiqotlarda kamdan-kam aytiladigan bir voqea yotadi: bu ham bo‘lsa, qaror qabul qiluvchi o‘rnidagi olimning hal qiluvchi rolidir. Maqolaning yetakchi muallifi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi rahbari, doktor Ibrohim Abdurahmonov ilmiy yondashuvni milliy siyosatning markaziga qo‘ydi.
Bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxena bayonnomasini imzolagan davlat sifatida O‘zbekiston bioxavfsizlik bo‘yicha to‘liq baholashni puxta yakunladi va ko‘rib chiqish jarayoni tugagan birinchi kundanoq GM mahsulotlaridan tijoriy foydalanishga ruxsat berdi – bunda xavfsizlik masalalarida hech qanday yengillikka yo‘l qo‘yilmadi, ayni paytda byurokratik sansalorlikka ham o‘rin qoldirilmadi.
Texnologiyani joriy etish muddati jahon me’yorlariga nisbatan 100 foizga qisqardi. Boshqa mamlakatlar GM mahsulotlarini tasdiqlash uchun 5 yil sarflagan bir paytda, O‘zbekiston birgina vegetatsiya mavsumining o‘zida ruxsat berish bosqichidan mamlakat bo‘yicha 30,82 foiz maydonni qamrab olishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Boshqaruvning aynan mana shu jihati eng ko‘p e’tiborga loyiq saboqdir. GMOlarni tartibga solish ko‘pincha ehtiyotkorlik va taraqqiyot o‘rtasidagi tanlov sifatida muhokama qilinadi. O‘zbekiston esa uchinchi yo‘lni namoyon etdi: ilmga asoslangan, fermer manfaatlariga yo‘naltirilgan va bayonnoma talablariga mos tezkorlik. Fermerlar dunyoning boshqa joylarida allaqachon o‘zini oqlagan texnologiyani yillab kutib o‘tirmadi. Ular bu texnologiyaga o‘z vaqtida ega bo‘lishdi va hosil haqidagi ma’lumotlar bu to‘g‘ri qaror bo‘lganini tasdiqladi.
Keng miqyosdagi moslashuvchanlik: Muvaffaqiyat poydevoridagi ilm-fan
Tadqiqotning eng dalda beruvchi xulosalaridan biri shuki, serhosil Farg‘ona vodiysidan tortib Qoraqalpog‘istonning qurg‘oqchil cho‘llarigacha bo‘lgan barcha beshta agroiqlimiy zonada navlarning unumdorligi bir xil, ya’ni barqaror bo‘lgan. Statistik tahlillar shuni ko‘rsatdiki, genotip va muhitning o‘zaro ta’siri hosildorlik o‘zgaruvchanligining atigi 12,9 foizini tashkil etgan va statistik jihatdan ahamiyatli bo‘lmagan. Navlarning turli mintaqalarda bir xilda barqaror natija ko‘rsatishi — puxta seleksiya ishlarining yorqin dalilidir.
Bu natija O‘zbekistondan tashqari dunyo uchun nimani anglatadi?
Paxta dunyodagi ekin maydonlarining atigi 2,5 foizini egallasa-da, global insektitsidlar iste’molining qariyb 16 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston tajribasi barqaror intensifikatsiya nazariy tushuncha emasligini, balki unga milliy miqyosda, o‘n yil ichida, suv tanqisligi jiddiy bo‘lgan sug‘oriladigan quruqlik tizimida ham erishish mumkinligini ko‘rsatdi.
Ushbu model ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chiriladigan andoza emas. Uning muvaffaqiyati urug‘chilik tizimining salohiyati, sug‘orish infratuzilmasi va boshqaruvga bog‘liq. Ammo xulosa aniq: genetik innovatsiyalar, agronomik amaliyotlar va siyosiy islohotlar alohida-alohida emas, balki birgalikda, hamjihatlikda olib borilsa, transformatsiya jarayoni tezlashadi.
2030-yilga nazar
Bt/Gt navlari ekiladigan maydonlar to‘liq qamrab olingan va intensiv agrotexnologiyalar, jumladan, qalin ekish, plyonkali mulchalash va tomchilatib sug‘orish kamida 80 foizga joriy etilgan taqdirda, tezlashtirilgan o‘zlashtirish ssenariysiga ko‘ra, 2030-yilga borib mamlakat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik gektariga qariyb 6,0 tonnaga yetishi mumkin. Davlat va xususiy sektor hamkorligida Bt/Gt belgilarini mahalliy sharoitga moslashgan o‘zbek navlariga singdirish maqsadida bekross (qayta chatishtirish) dasturi allaqachon amalga oshirilmoqda. Yangi tashabbuslar qatoriga sho‘rlanish va namlik tanqisligiga chidamli bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi o‘simlik turlarini joriy etish kiradi. Barqarorlikka erishish uchun yangi genetik resurslar (Gene Stakes) yaratilmoqda. Yuqori harorat va qalin ekish sharoitida ko‘saklarning to‘kilmasdan saqlanish darajasini oshirish. O‘sish regulyatorlarini kamroq purkashni talab qiladigan ixcham o‘simlik turlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.
“Urug‘chilik, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar, agronomiya hamda qishloq xo‘jaligi siyosati sohasida faoliyat yuritayotgan biz kabi mutaxassislar uchun bu faqat O‘zbekistonning muvaffaqiyat hikoyasi emas. Bu — ilm-fan, iqtisodiyot va boshqaruv uyg‘unlashganda qanday natijalarga erishish mumkinligining amaliy isbotidir. Qiziq, paxtachilik hududlaridan yana qaysi biri bu hikoyaning o‘ziga xos talqinini yaratar ekan?”
Manba: Abdurakhmonov I.Y. et al. National-scale evidence for rapid cotton yield gains under sustainable intensification in Uzbekistan. Scientific Reports (2026). https://doi.org/10.1038/s41598-026-51320-5
#Cotton #Agriculture #SustainableIntensification #SeedScience #AgriculturalInnovation #Uzbekistan #PlantBreeding #FoodSecurity #GMO #CartegenaProtocol #BtCotton
