Piyoz yetishtirishdan eksportgacha: 2026-yilda O‘zbekiston bozoridagi vaziyat
2026-04-28 21:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xo‘sh, bugun vaziyat qanday? Soha mutaxassislari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligida muhim o‘rin tutuvchi piyoz mahsulotini mamlakatimizda yetishtirish, saqlash, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish jarayoni 2026-yil 22-aprel holatiga ko‘ra chuqur tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohada muayyan yutuqlar bilan birga ba’zi muammolar va yangi imkoniyatlar ham mavjud.
Eksport tizimi: yangi mexanizmlar va tashqi bozorlar
Meva-sabzavot va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar himoyasi va karantini agentligida Markaziy va 14 ta hududiy eksport shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bunda, xorijiy davlatlardagi 52 ta vakolatxonamiz hamda xorijiy tashkilotlardan bozor konyunkturasi, salohiyatli importchi korxonalar va eksportga doir ma’lumotlar markaziy va hududiy eksport shtablari hamda Karantin agentligining “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali mahalliy eksportchi korxonalarga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
2025-yil davomida O‘zbekistondan jami 85,1 mln dollarlik 309,1 ming tonna piyoz eksport qilingan. Eksport geografiyasi esa 2024-yilda 22 ta davlatni tashkil etgan bo‘lsa 2025-yilda bu ro‘yxatga Ozarbayjon ham qo‘shildi va mamlakatimizdan piyoz eksport qilinadigan davlatlar soni 23 taga yetdi.
Piyoz eksportining 95 foizi asosan Rossiya (38,5 mln dollarlik 126,8 ming tonna, jami eksportdagi ulushi – 45 %), Qozog‘iston (28,3 mln dollarlik 96,1 ming tonna, ulushi – 33 %), Iroq (7,2 mln dollarlik 35,1 ming tonna, ulushi – 8 %), Qirg‘iz Respublikasi (3,4 mln dollarlik 17,5 ming tonna, ulushi – 4 %), Belarus (2,1 mln dollarlik 4,6 ming tonna, ulushi – 2 %) va Turkmaniston (1,4 mln dollarlik 8,2 ming tonna, ulushi – 2 %) kabi davlatlarga amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun: 2025-yilda Respublikamizdan xorijiy bozorlarga 1 kg quritilgan piyozning eksportdagi o‘rtacha narxi 0,19 dollarni tashkil etdi. Bunda Qozog‘istonga 0,18 doll, Qirg‘iz Respublikasiga 1,20 doll, Germaniyaga 4,20 doll, BAAga 1,28 dollarni tashkil etdi.
2025-yilning yanvar-mart oylarida 13,0 mln dollarlik 61,1 ming tonna piyoz eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida jami 5,8 mln dollarlik 26,2 ming tonna piyoz eksporti amalga oshirilgan. Bu esa piyoz eksporti 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,3 barobarga kamayganini ko‘rsatadi.
Joriy yilda piyoz eksportining 99 foizi asosan Rossiya (3,2 mln dollarlik 8,4 ming tonna, jami eksportdagi ulushi – 55 %), Turkmaniston (1,4 mln dollarlik 8,7 ming tonna, ulushi – 24 %), Iroq (0,8 mln dollarlik 5,3 ming tonna, ulushi – 13 %), Eron (0,2 mln dollarlik 2,2 ming tonna, ulushi – 4 %), Qirg‘iziston (0,2 mln dollarlik 1,4 ming tonna, ulushi – 3 %) kabi davlatlarga amalga oshirildi.
Surxondaryo viloyati bo‘yicha joriy yil yanvar-mart oylari davomida 962 tonna yoki 358,4 ming dollarlik piyoz eksporti amalga oshirilgan. Bu esa 2025-yilning shu davriga nisbatan 5,1 ming tonnaga yoki 6,3 barobarga kam.
Xo‘sh, joriy yilda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi kamayishiga qaysi omillar sabab bo‘ldi?
– O‘zbekistonning piyoz eksporti geografiyasida Rossiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turgan Qozog‘istonning o‘zida 2025-yilda piyoz yetishtirish hajmi doimiy yetishtirishga nisbatan 42 foizga o‘sib, 1,1 mln tonnaga yetgan. Ushbu omil nafaqat Qozog‘istonning ichki bozorini qopladi, balki Rossiya va Markaziy Osiyo bozorlarida taklifning ko‘payishi hamda narxlarning keskin pasayishiga olib keldi;
– bugungi kunda jahon miqyosidagi geosiyosiy vaziyatning murakkablashuvi sababli logistika zanjirlarida uzilishlar hamda yuk tashish jarayonlarida muammolar yuzaga kelmoqda. Natijada piyoz eksport hajmining kamayishi kuzatildi;
– respublikada kuzatilgan sovuq va nam harorat "ertapishar" piyoz yo‘qotishlariga hamda yig‘im-terim muddatini orqaga surdi, bu esa birinchi chorakdagi eksport yetkazib berishning uzilishiga sabab bo‘ldi.
Hozirgi sharoit va vaziyatdan kelib chiqib, piyozning quyidagi davlatlarga eksportini yo‘lga qo‘yish taklif etiladi:
– Yevropa Ittifoqi (Germaniya, Polsha, Niderlandiya va Latviya) davlatlariga (O‘zbekiston uchun GSP+ tizimi bo‘yicha bojxona narxlari mavjud bo‘lib, mahsulotni 0% stavkada olib kirish mumkin. Narxlar ancha yuqori, lekin mahsulot sifati (sertifikatlash) bo‘yicha talablar juda qattiq);
– Rossiya va MDH davlatlariga (erkin savdolar tufayli bojxona to‘lovlari mavjud emas. Rossiyaning yirik savdo korxonalari (Magnit, Pyaterochka) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni yo‘lga qo‘yish va mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablar Yevropaga nisbatan yengilroq);
– Janubiy va Yaqin Sharq (Pokiston, BAA, Saudiya Arabistoni) davlatlariga (Pokistonda suv toshqinlari yoki iqlimiy o‘zgarishlar natijasida hosil kamaygan davrda O‘zbekiston piyozi yetakchi o‘rinni egallaydi. BAA va Fors ko‘rfazi davlatlariga asosan sarimsoq va piyoz yuqori narxda sotiladi).
Quritilgan piyoz: yuqori qo‘shilgan qiymat zanjiri
Bugungi kunda respublikamizda 583 ta meva-sabzavotlarni quritish korxonalari faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, Andijon, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarida 22 ta dan, Farg‘onada 42 ta, Jizzaxda 27 ta, Namanganda 84 ta, Navoiyda 3 ta, Qashqadaryoda 9 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 ta, Samarqandda 112 ta, Sirdaryoda 4 ta, Toshkent shahrida 90 ta, Toshkent viloyatida 117 ta, Xorazmda 15 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun: Quritish korxonalarida 2020-yilda 116 tonna 3,2 mlrd so‘mlik, 2021-yilda 372 tonna 10,2 mlrd so‘mlik, 2022-yilda 67,3 tonna 2,7 mlrd so‘mlik, 2023-yilda 386,8 tonna 5,7 mlrd so‘mlik, 2024-yilda 371,2 tonna 7,9 mlrd so‘mlik quritilgan piyoz mahsuloti ishlab chiqarilgan.
2023-yilda faqatgina Toshkent shahri (364 tonna) va Samarqand viloyatlarida (22,8 tonna) quritilgan piyoz mahsuloti ishlab chiqarilgan.
2024-yil davomida esa 3 ta hududda Namangan (218 tonna), Samarqand (103,3 tonna) viloyatlari va Toshkent shahrida (49,9 tonna) 7,9 mlrd so‘mlik quritilgan piyoz mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, qolgan hududlarda ishlab chiqarish imkoniyatlari va quvvatlaridan foydalanilmagan.
2025-yil davomida O‘zbekistondan jami 2,6 mln dollarlik 13,6 ming tonna quritilgan piyoz eksporti amalga oshirilib, eksport geografiyasi 2024-yilga nisbatan 2 ta (Germaniya va Shvetsiya) davlatga kengayib, 7 ta davlatni tashkil etdi.
Quritilgan piyoz eksportining 99,7 foizi asosan Qozog‘iston (2,4 mln dollarlik 13,5 ming tonna, jami eksportdagi ulushi – 95 %) va Germaniya (0,1 mln dollarlik 25 tonna, ulushi – 4 %) davlatlariga amalga oshirildi.
2025-yilning yanvar-mart oylarida quritilgan piyoz eksporti 345 ming dollarlik 1,9 ming tonnani tashkil etgan.
Bugungi kunda piyoz va quritilgan piyoz mahsulotini chet davlatlarga eksport qilishda hech qanday cheklovlar mavjud emas. Shunday bir qulay vaziyat bo‘lishiga qaramasdan joriy yilning yanvar-mart oylarida quritilgan piyoz eksporti umuman amalga oshirilmagan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, quritilgan piyoz eksporti yangi yig‘ishtirib olingan piyozga nisbatan yuqori qo‘shilgan narxga ega.
2026-yilgi global bozor tendensiyalari va O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqib, ushbu mahsulotning quyidagi davlatlarga eksportini yo‘lga qo‘yish taklif etiladi:
– Yevropa Ittifoqi (Germaniya, Polsha, Shvetsiya) davlatlariga (O‘zbekiston uchun GSP+ tizimi bo‘yicha bojxona narxlari mahsulotlar uchun 0% stavkada olib kirish mumkin. Narxlar ancha yuqori, lekin mahsulot sifati (sertifikatlash) bo‘yicha talablar juda qattiq);
– Rossiya va MDH davlatlariga (bu davlatlarga an’anaviy va kirish eng oson bo‘ladi. Quritilgan piyoz Rossiyaning go‘sht kombinatlari, konserva zavodlari va tez tayyor bo‘ladigan taomlar ishlab chiqaruvchi korxonalari mahsulotni katta hajmlarda sotib oladi. Bunda mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablar Yevropaga nisbatan yengilroq);
– Janubiy-Sharqiy Osiyo (Vyetnam, Indoneziya, Malayziya) davlatlariga (ular quritilgan piyozni o‘zi uchun hamda AQSh va Yevropaga tayyor oziq-ovqat sifatida reeksport qiladi).
Narxlar tahlili: ichki va tashqi bozor
2026-yilning yanvar-aprel oylari holatiga ko‘ra (2025-yil hosili) eski piyozning ulgurji narxlar sifatiga qarab o‘rtacha narxi ichki bozorlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga tushdi. Bozorlarda piyozning o‘rtacha narxlari 2 600-4 500 so‘mdan sotilmoqda.
Shuningdek, 2026-yilning aprel oyida bozorlardagi piyozning o‘rtacha narxida mart oyiga nisbatan sezilarli darajada o‘zgarish kuzatilmadi va narx barqarorligi saqlanib qoldi (2400-4000 so‘m).
2026-yilning yanvar-aprel oylarida narx 2025-yilning mos davriga nisbatan 37 foiz (1400 so‘m)ga kamaygan.
Piyozning bozorlardagi o‘rtacha narxi (2600-4500 so‘m) hududlar kesimida tahlil qilinganda minimal narx – Sirdaryo (1800-2300 so‘m), Farg‘ona (2100-2400 so‘m) va Toshkent (2500-3200 so‘m) viloyatlarida, maksimal narx – Toshkent shahri (2500-4500 so‘m), Qashqadaryo (2100-2300 so‘m) va Surxondaryo (2500-3000 so‘m) viloyatlarida tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun: Respublikamiz bozorlarining savdo rastalarida 2026-yil hosilidan piyozning ulgurji narxlari 3000-5000 so‘mni tashkil etmoqda.
Yangi Qo‘yliq dehqon bozori – “Food city” savdo majmuasida 2026-yil 22-aprel holatiga piyoz mahsuloti o‘rtacha narxi 1200-2000 so‘mni tashkil etdi.
Respublikamiz va bir qator xorijiy davlatlarda piyoz mahsuloti narxlari taqqoslama tahlil qilindi. Unga ko‘ra 2026-yilning aprel oyida piyozning o‘rtacha narxi respublikamizda 1 kg uchun $0.25 — $0.35 (ekvivalent) bo‘lsa, 2026-yil aprel oyi boshida, piyoz narxi(1 kg uchun) eng yuqori bo‘lgan davlatlar quyidagilarni tashkil etdi:
Kolumbiyada $3.50-$4.00, Shveysariyada $2.50-$3.50, Yaponiyada $2.00-$3.00, Janubiy Koreyada $1.80-$2.50, Norvegiya va Islandiyada $1.50-$2.50, AQSh hamda Germaniyada $1.00-$1.50 tashkil etmoqda.
MDH davlatlaridagi piyozning o‘rtacha narxlari quyidagicha:
Qozog‘istonda $0.12-$0.20, Qirg‘iz Respublikasida $0.15-$0.22, Ozarbayjonda $0.24-$0.35, Tojikistonda $0.10-$0.18, Mongoliyada $0.45-$0.60, Rossiyada $0.35-$0.50, Belarusda $0.30-$0.42, Hindistonda $0.25-$0.35, Pokistonda $0.20-$0.30, Misrda $0.15-$0.25 ni tashkil etmoqda.
Tavsiyalar: tizimli yechimlar
Hududlardagi omborlarda saqlanayotgan piyoz mahsulotlarini nobud qilmasdan sifatini saqlab qolish, mahsulot yo‘qotilishining oldini olish, mavjud zaxiralarni oqilona boshqarish, shuningdek, ularni ichki va tashqi bozorlarga o‘z vaqtida va samarali yo‘naltirish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan, hududlarda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli ravishda tashkil etish, mavjud saqlash infratuzilmalaridan to‘liq va samarali foydalanish hamda mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:
1. Omborlarda saqlanayotgan piyoz mahsulotlarining sifat holatini doimiy monitoring qilib borish, chirish, qurish va boshqa yo‘qotilish holatlarining oldini olish;
2. Saqlash jarayonida harorat va namlik rejimlariga qat’iy rioya etish hamda zarur sharoitlarni yaratish orqali mahsulot sifatini saqlab qolish;
3. Eksportbop piyoz mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish maqsadida ularni saralash, standartlashtirish, qadoqlash va logistika jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish;
4. Omborlardagi mavjud zaxiralarni aniq hisob-kitob qilish hamda ortiqcha hajmlarni qayta ishlash korxonalariga o‘z vaqtida, manzilli va uzluksiz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish;
5. Mavjud sovitkich omborlari va boshqa saqlash infratuzilmalaridan samarali foydalanish, zaruratga ko‘ra qo‘shimcha saqlash quvvatlarini ishga tushirish;
6. Logistika zanjirlarini takomillashtirish orqali mahsulot aylanmasini tezlashtirish va ichki bozorda uzluksiz ta’minotni yo‘lga qo‘yish.
