Munosabat
2026-04-20 12:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu masalalarni o‘rganib chiqqan holda quyidagilarni ma’lum qiladi.
“AgroPortal” axborot tizimi qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli xizmatlarni joriy etish, moliyaviy jarayonlarni shaffoflashtirish, inson omilini qisqartirish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish maqsadida ishga tushirilgan yagona integratsion platforma hisoblanadi.
Tizim orqali fermerlar uchun moliyaviy operatsiyalarni elektron shaklda amalga oshirish, to‘lov topshiriqnomalarini masofadan turib rasmiylashtirish, subsidiya va imtiyozli kreditlar uchun arizalar berish, ekinlarni joylashtirish, mahsulotni elektron tarozi orqali topshirish hamda moliyaviy limit va xarajatlarni nazorat qilish imkoniyatlari yaratilgan.
Shu bilan birga, amaliyotda tizimni joriy etish jarayonida ayrim texnik va tashkiliy qiyinchiliklar mavjudligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, dasturdan foydalanishda qiyinchiliklar, interfeysning ayrim foydalanuvchilar uchun murakkabligi, texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga yuklama ortishi hamda ayrim xizmatlarning to‘liq barqaror ishlamayotgani qayd etilmoqda.
Shuningdek, fermerlar tomonidan yoqilg‘i, urug‘lik va mineral o‘g‘itlarni xarid qilish, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda mavsumiy agrotexnik tadbirlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq ayrim qiyinchiliklar ko‘tarilmoqda.
Mazkur holatlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tegishli tashkilotlar tomonidan tizimni takomillashtirish, texnik barqarorlikni oshirish va foydalanuvchilar uchun qulayliklarni kengaytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlari kengaytirilmoqda, tushuntirish ishlari olib borilmoqda hamda kelib tushayotgan murojaatlar asosida tizim doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Qayd etish lozimki, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan jarayon bo‘lib, uning maqsadi sohada shaffoflikni oshirish, moliyaviy resurslardan maqsadli foydalanishni ta’minlash va xizmatlar sifatini yaxshilashdan iborat.
Vazirlik fermer xo‘jaliklari va sohadagi barcha ishtirokchilarni konstruktiv hamkorlikka chaqiradi hamda kelib tushayotgan murojaatlar asosida mavjud muammolarga tezkor yechimlar ishlab chiqilishini ma’lum qiladi.
