O‘zbekiston va Afg‘oniston agrar sohada yangi bosqichga chiqmoqda
2026-04-17 16:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Safar doirasida 2026-yilda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dastlab delegatsiya Afg‘onistonning Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligida uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda vazir Otaulloh Umariy bilan so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalari yuqori darajada rivojlanayotganini ta’kidlab, hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda chorvachilik, meva-sabzavotchilik, meva ko‘chatxonalarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, don va moyli ekinlar, paxtachilik, 100 gektarlik “Do‘stlik bog‘i” barpo etish, shuningdek, afg‘on fermerlarining malakasini oshirish va ilm-fan yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Mawlawi Noording Omeer bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va uni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.




