Har bir xodim ishga vijdonan, to‘g‘ri yondashsagina, islohotlarimiz samara beradi
2024-06-29 16:00:00 / Majlislar

Video-konferens-aloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik rahbariyati, hududiy boshqarmalar boshliqlari, tizim tashkilotlari rahbarlari hamda vazirlik departamenti va boshqarmalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Dastlab, yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgan 2024-yil 1-yarim yilligi uchun belgilangan investitsiya dasturi ijrosining joriy holati, Buyuk ipak yo‘lining qishloq xo‘jaligi ta’lim va tadqiqot, innovatsiyalar Alyansining poytaxtimizda o‘tkaziladigan 9 yillik anjumaniga tayyorgarlik ishlari, hamda agrar sohada kechiktirib bo‘lmaydigan bir qancha muhim masalalar bo‘yicha mutasaddilarning hisoboti tinglandi.
Shundan so‘ng xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalasiga to‘xtalgan vazir Ibrohim Abdurahmonov, bu bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarli emasligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish rejasi 6 % ni ham tashkil etmayotganiga e’tibor qaratar ekan, vazirlik boshqarmalari boshliqlari quyi tashkilotlar bilan samarali faoliyat olib bormayotganini tanqid qildi. Jumladan kichik agrologistik markazlar tashkil etish bo‘yicha 65 mln AQSH dollarlik investitsiya mablag‘i uchun shu paytgacha loyihalar ishlab chiqilmaganini ta’kidlab o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari doirasida agrar sohada erishilgan kelishuvlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek bugun nafaqat vazirlik yoki tizim tashkilotlari rahbarlari balki hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlari rahbarlari ham agrar sohaga investitsiya kiritishga alohida e’tibor qaratishi lozimligi, bunda esa hech bo‘lmaganda o‘zi rahbarlik qiladigan hududda istiqomat qiladigan aholi jon boshiga 1 dollardan investitsiya jalb qilishi lozimligi aytib o‘tildi.
Bugun mamlakatimizdagi agrologistik markazlarda mahsulotlarni tegishli talablar asosida qabul qilib oluvchi, qadoqlovchi, logistika hujjatlari bo‘yicha ishlovchi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etish, buning uchun esa, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida o‘quv seminarlari tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Buyuk ipak yo‘li qishloq xo‘jaligi ta’lim va tadqiqot, innovatsiyalar Alyansining poytaxtimizda o‘tkaziladigan 9 yillik anjumaniga tayyorgarlik ishlari ham ko‘rib chiqilib, mazkur tadbirni yuksak darajada o‘tkazish uchun mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng, kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi masala “Xonadonbay usul”da nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, balki bir vaqtning o‘zida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning joriy holati ko‘rib chiqildi. Bu usulning ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari bilan bir qatorda nafaqat xonadon egalari, balki mahalla ahli uchun keltiradigan foydalariga ham e’tibor qaratilib, bu bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi fundamental tadqiqotlar markazini tashkil etish hamda Toshkent davlat agrar universiteti va Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilayotgan loyihalar va laboratoriyalar tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazida texnopark va sinov treklarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilinar ekan, vazir Ibrohim Abdurahmonov, mazkur tizim tashkilotlaridagi ish jarayoni bugun qoniqarli emasligi, mavjud vaziyatni tubdan o‘zgartirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish lozimligiga e’tibor qaratdi.
Tizim tashkilotlarida bugun zararkunandalardan holi ko‘chatlarni yetishtirishga ixtisoslashgan In-Vitro laboratoriyalari mavjud bo‘la turib, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi bugun 13,500 gektar maydonda bog‘lar tashkil qilish, mevali daraxt ko‘chatlarini xorijdan xarid qilishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligiga e’tibor qaratar ekan, mas’ullarga ishga vijdonan yondashishlarini aytib o‘tdi.
Ayni paytda mamlakatimizda g‘alla yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan olib borilayotgani bois, mutasaddilarning bu bo‘yicha hisoboti ham tinglandi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov hisobotlarni tayyorlashda vijdon amriga quloq tutishni ta’kidlar ekan, tashkiliy ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani bois, hali ayrim tumanlarda g‘alla yig‘im terimi boshlanmaganini, bu esa, nafaqat tayyor baraka hosilining nobud bo‘lishiga, balki takroriy ekinlar ekishning kechikib ketishiga sabab bo‘lishini tushuntirib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mamlakatimizda g‘arq pishgan ayni pallada meva-sabzavotlar eksporti bo‘yicha ko‘rsatkichlar ham qoniqarsiz ahvolda ekani aytib o‘tildi. 2024-yilda 3,5 mlrd dollarlik meva-sabzavotlar eksport qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni paytda bu ko‘rsatkich 970 mln dollarni tashkil qilgani ham mutasaddilarning e’tiborsizligidan. Shu bois, yuqoridagi barcha masalalar yuzasidan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga ogohlantirish berilib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishni yakunlar ekan, vazir Ibrohim Abdurahmonov, mana shu Ona Vatanda yashar ekanmiz mamlakatimiz taraqqiyoti uchun hamma og‘izbirlik asosida ish olib borishi, mamlakat manfaati yo‘lida tinimsiz mehnat qilishi lozimligini aytib o‘tdi.









