25 yillik tarix: UzFood ko‘rgazmasi yana rekord natijalar bilan boshlandi
2026-04-01 20:00:00 / Ommaviy tadbirlar

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Polsha Qishloq xo‘jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Kraevski hamda qator yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar UzFood ko‘rgazmasining o‘tgan chorak asr davomida bosib o‘tgan yo‘lini e’tirof etib, uning bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa oziq-ovqat sanoati rivojida muhim platformaga aylanganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, tashkil etilgan ilk yillardan boshlab UzFood yangi mahsulotlar va ilg‘or texnologiyalarni namoyish etish, ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar hamda soha mutaxassislari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun qulay maydon sifatida shakllandi. Bugunga kelib esa u O‘zbekistondagi oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmalari orasida yetakchi, flagman tadbirga aylangan.
Joriy yilgi yubiley ko‘rgazma o‘z miqyosi bilan ham e’tiborni tortmoqda. 1–3-aprel kunlari o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 500 dan ziyod kompaniyalar ishtirok etmoqda. Germaniya, Belarus, Rossiya, Koreya Respublikasi va Polsha kabi davlatlarning milliy ekspozitsiyalari, shuningdek Xitoy, Hindiston, Turkiya, Italiya va Malayziya kompaniyalarining keng ishtiroki ko‘rgazmaning xalqaro salohiyatini yanada oshirmoqda. Ayniqsa, 27 ta Polsha kompaniyasi ishtirokidagi alohida burchak tashkil etilgani ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ko‘rgazmada oziq-ovqat sanoatining deyarli barcha yo‘nalishlari qamrab olingan. Jumladan, go‘sht va parranda mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, qandolat va baqqollik mahsulotlari, ichimliklar, oziq-ovqat ingrediyentlari hamda sanoat uchun zamonaviy uskunalar keng namoyish etilmoqda. Bu esa ishlab chiqaruvchilardan tortib savdo tarmoqlarigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘in vakillari uchun yagona platforma yaratmoqda.









