Agrar ta’limda xalqaro integratsiya: Xitoy bilan qo‘shma dasturlar muhokamada
2026-04-01 14:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tomonlar zamonaviy agrar ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Toshkent davlat agrar universiteti va "Dalian Ocean" universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ayniqsa magistratura bosqichida baliqchilik yo‘nalishi bo‘yicha 1+1 formatda kadrlar tayyorlash tashabbusi muhokamalarning markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, mazkur model nafaqat talabalar uchun xalqaro tajriba almashish imkoniyatini kengaytiradi, balki akvakultura sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirishda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda "Bir kamar, bir yo‘l" tashabbusi doirasida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar ushbu tashabbus doirasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va investitsion hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Muloqot davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi. Uchrashuv yakunida esa dastlabki kelishuvlarga erishilib, kelgusida amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.









