Italiya bilan agrar hamkorlikning ustuvor va strategik ahamiyati
2026-03-25 09:30:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashib, savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari darajasida olib borilayotgan ochiq va konstruktiv siyosat natijasida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi hamda qator sohalarda, jumladan agrar tarmoqda ham yangi kelishuvlarga erishildi.
Agrar hamkorlikning strategik yo‘nalishlari
Italiya Yevropaning eng rivojlangan agrosanoat tizimiga ega davlatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar, innovatsion agrotexnika, oziq-ovqatni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha boy tajribaga ega.
O‘zbekiston uchun esa Italiya bilan hamkorlik quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda muhim imkoniyatlar yaratmoqda:
Zamonaviy agrotexnologiyalar transferi: O‘zbekiston agrar sektorida hosildorlikni oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanish uchun ilg‘or texnologiyalar muhim ahamiyatga ega. Shu sababli Italiya kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida zamonaviy agrotexnologiyalar, urug‘chilik tizimlari va innovatsion ishlab chiqarish yechimlarini joriy etish maqsad qilingan.
Agrosanoatni modernizatsiya qilish: ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yangi agroklasterlar tashkil etish hamda qishloq hududlarida investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalari alohida ko‘rib chiqilmoqda.
Yangi eksport bozorlariga chiqish: Italiya Yevropa Ittifoqining yirik iqtisodiyotlaridan biri bo‘lib, u Yevropa oziq-ovqat bozori bilan integratsiya qilish uchun muhim darvoza hisoblanadi. O‘zbekiston meva-sabzavot, quritilgan mevalar va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish orqali Yevropa bozorida o‘z ulushini kengaytirish imkoniyatiga ega. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimiz hozirda 80 dan ortiq turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini 100 ga yaqin davlatga eksport qilmoqda va Italiya bilan hamkorlik bu jarayonni yanada jadallashtirishi mumkin.
Ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik
Agrar hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi integratsiya hisoblanadi. Italiya ilmiy markazlari va universitetlari bilan hamkorlik doirasida agronomiya va agrotexnologiyalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, o‘zbekistonlik mutaxassislarning Italiya ilmiy markazlarida stajirovka o‘tashi, agrobiotexnologiya va ekologik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy loyihalar, Orolbo‘yi hududida ekologik va agrar loyihalarni amalga oshirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu esa O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini ilm-fan asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozim, Davlatimiz rahbari Italiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik innovatsion iqtisodiyot va yuqori texnologiyalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Davlat rahbari ushbu yo‘nalishda shunday fikr bildirgan:
“Yetakchi Italiya kompaniyalari bilan texnologik hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash va innovatsion loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.”
Shuningdek, ikki davlat agrar hamkorligi doirasida uzumchilik, zaytun yetishtirish, shafran, sparja kabi yuqori qiymatli ekinlarni rivojlantirish, agro-laboratoriyalar tashkil etish va biotexnologiyalarni joriy etish kabi istiqbolli loyihalar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Xalqaro forum — hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan maydon
Shu yilning 23-24-mart kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi aynan shu agrar hamkorlikni kengaytirish uchun muhim siyosiy va iqtisodiy platforma bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Ushbu xalqaro tadbirda Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida, Ozarbayjon Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Majnun Mamedov, Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yermek Kenjexanuli, Tojikiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda, Qirg‘iziston Respublikasi suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri o‘rinbosari Almaz Jeenaliev hamda Turkmaniston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Berkeli Berkeliyev kabi nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
Shuningdek, 80 ta Italiya kompaniyasi, 100 dan ortiq O‘zbekiston kompaniyalari hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan 50 dan ortiq agrobiznes kompaniyalari ishtirok etgan mazkur forum doirasida, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, agrosanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini shakllantirish, O‘zbekiston agrar mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, ushbu forumning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, u: “O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon uchun Italiya bilan hamkorlik agrar va oziq-ovqat sohalarida katta istiqbollarni ochadi. Italiya ilg‘or texnologiyalari, yuqori sifat standartlari va samarali ishlab chiqarish tizimlari bilan tanilgan. Ushbu tajribalarni joriy etish orqali biz hosildorlikni oshirish, hosildan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahsulot sifatini yaxshilash va butun qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniga ega bo‘lamiz”, deya alohida ta’kidladi.
Forum doirasidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuv agrar tizim uchun istiqbolli kelishuvlarga zamin yaratdi, deyish mumkin. Muloqotda Italiyadagi nufuzli Tusha universiteti bilan hamkorlikning bugungi holati, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot loyihalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, eksport-import aloqalarini kengaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish, shuningdek chorvachilik sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari yuzasidan ham takliflar bildirildi.
Rasmiy tadbir davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Italiya kompaniya va tashkilotlari o‘rtasida 7 ta hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shuningdek, iqlimga chidamlilik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda oziq-ovqat texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Yevroosiyo universitetlari va ilmiy tadqiqotlar alyansi tashkil etildi. Bundan tashqari, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida agrar ta’lim yo‘nalishida 17 ta hujjat imzolandi. B2B va B2G uchrashuvlar chog‘ida tadbirkorlar, investorlar, ishlab chiqaruvchilar, eksportyorlar hamda davlat tashkilotlari vakillari o‘rtasida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Ayni yutuq va marralar ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi agrar siyosat to‘g‘ri tanlangan yo‘l va munosib sa’y-harakatlarning natijasidir. Aynan “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi esa ushbu strategik maqsadlarni amaliy loyihalar bilan mustahkamlab, O‘zbekiston agrar sektorining global iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim diplomatik va iqtisodiy maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.









