Hashar — obodlik va ozodalik yaratishdir
2026-03-14 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi jamoasi ham ushbu umumxalq hashari jarayonida faol ishtirok etdi. Vazirlik xodimlari erta tongdan boshlab belgilangan hududlarda tozalash va obodonlashtirish ishlariga kirishib, yashil maydonlarni tartibga keltirish, daraxt va butalarni parvarishlash, atrof-muhitni chiqindilardan tozalash kabi ishlarni amalga oshirdilar.
Hashar jarayonida hududlarning qiyofasi yanada chiroy ochib, tartib-intizom va pokizalik muhiti qaror topdi. Eng muhimi, bunday tadbirlar insonlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirishi, o‘z mahallasi va yashab turgan maskaniga bo‘lgan mehr va mas’uliyat hissini kuchaytirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, umumxalq hashari xalqimizning qadimiy va ibratli an’analaridan biri bo‘lib, u hamjihatlik va birdamlik timsoli sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Bugungi kunda ham bu an’ana yangi mazmun bilan boyib, yurtimiz obodligi, mahallalarimiz ravnaqi yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zero, obod mahalla — obod yurt demakdir. Har bir fuqaroning o‘z yashab turgan hududi ravnaqiga qo‘shgan hissasi esa mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan ulkan qadamlardan biridir.






