Ko‘zlangan maqsadga dehqonlar manfaatdorligini oshirish orqali erishiladi
2024-06-18 19:00:00 / Yangiliklar

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mazkur uzumzorning 500 gektari barpo etilgan bo‘lib, yana 500 gektarida uzumzor yaratish ustida ishlar amalga oshirilmoqda. Bu bo‘yicha Ibrohim Abdurahmonov klaster rahbariyatining rejalari bilan tanishar ekan, bu yerda uzumzorni tashkil etish uchun eng avvalo qulay sharoit yaratish, suv tejovchi texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish, buning uchun esa investisiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq takliflarni o‘rtaga tashladi. Chunki bir paytlar oqar suv kelgani bois, bu yerlar obod maskan bo‘lgan va uzumzor tashkil etilib, toyfi navi yetishtirilgan. Muammo shundaki, ayni paytda bu yerda suvning o‘zi yo‘q. 1000 gektar yerni sug‘orish uchun esa 20 ta quduq qazish talab etiladi. Bundan tashqari ayni paytda uzumga bo‘lgan bozor talablari, uzum yetishtirish texnologiyasi o‘zgargan. Shu sababli bugun eksportbop xo‘raki uzum navlarini yetishtirish ancha jozibador hisoblanadi.
Shuningdek Ibrohim Abdurahmonov dehqonlarning manfaatdorligini oshirish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish usullari haqida to‘xtalib, 1000 gektar yerni eplash qiyinligi bois dehqonlarga bo‘lib berish taklifini ilgari surdi. Shu yerning o‘zida vazir fermer xo‘jaliklari rahbarlari va klasterlar vakillari bilan yechimini kutayotgan masalalar va ularni hal qilish yo‘llari yuzasidan suhbat o‘tkazdi.
Suhbat poyoniga yetmay turib, bu yerga Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham tashrif buyurdi. Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimi birgalikda shu bog‘ni ishga tushirish, Surxondaryoning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tumanlar iqlim sharoitiga mos yangi ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdi. Surxon zaminining shuhratini yoyadigan qadimiy va noyob navlarni qayta tiklagan holda tanlab ekish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. O‘z o‘rnida bu ishlar kooperatsion tus olishi maqsadga muvofiqligi ta'kidlab o‘tildi.
Shu yerning o‘zida Oltinsoy zaminida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va qayta ishlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, yangi istiqbolli loyihalar taqdimoti ham qilindi. Shundan so‘ng Oltinsoy tumani va unga yondosh hududlarda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadigan bog‘bonlar ishtirokida intensiv bog‘lar yaratish uchun imtiyozlar, bog‘dorchilik mahsulotlarini qayta ishlash, ularning eksport geografiyasini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan suhbat bo‘lib o‘tdi. Bog‘bonlar va meva yetishtiruvchi dehqonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

