Innovatsion issiqxona: energiya samaradorligi va raqamli boshqaruv uyg‘unligi
2026-03-12 14:05:00 / Yangiliklar

Shu yo‘nalishda Toshkent shahridagi ko‘p tarmoqli sanoat majmuasi — Texnopark korxonasi tomonidan SHIVAKI brendi ostida ishlab chiqilgan energiya tejamkor issiqlik nasoslari issiqxonachilikda qo‘llash uchun amaliy sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu texnologiyaning samaradorligini baholash maqsadida joriy yilning yanvar oyida Texnopark hududida tajriba tariqasida ikkita innovatsion issiqxona barpo etildi.
Ayni paytda ushbu issiqxonalarda pomidor va bodring ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Tajriba jarayonida issiqlik nasoslarining sovuq mavsum sharoitida ishlash samaradorligi, issiqxona ichida zarur mikroiqlimni saqlash imkoniyatlari hamda energiya tejamkorlik darajasi amaliy sharoitda o‘rganilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiqlik nasoslari tashqi muhitdagi energiyani qayta ishlash tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Bu esa elektr energiyasidan foydalanish orqali yuqori issiqlik samaradorligiga erishish imkonini beradi.
Xususan, mazkur texnologiya yordamida 1 kWt elektr energiyasi sarflab, 4 kWt issiqlik energiyasini olish mumkin. Shu bois issiqlik nasoslari elektr qozonlariga nisbatan qariyb to‘rt barobar samarali hisoblanadi.
Tizimning ishlash prinsipi suvni 55–60 °C darajagacha isitishga asoslangan bo‘lib, bu issiqxona ichida o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan optimal haroratni barqaror saqlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, tashqi muhitdagi harorat keskin pasaygan sharoitlarda ham issiqxona ichidagi mikroiqlim belgilangan darajada ushlab turiladi.
Loyihaning muhim jihatlaridan yana biri — issiqlik nasoslari tizimining quyosh panellari bilan integratsiya qilinganligidir. Natijada issiqxonani isitish uchun zarur elektr energiyasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan olinmoqda. Bu esa an’anaviy gaz yoki ko‘mir asosidagi isitish tizimlariga nisbatan energiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Mutaxassislar fikricha, Texnopark hududida amalga oshirilayotgan ushbu tajriba loyihasi energiya tejamkor texnologiyalarni issiqxonachilikka keng joriy etish yo‘lida muhim amaliy tajriba hisoblanadi.









