Toshkent davlat agrar universitetida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-03-06 15:00:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida agrar sohada yoshlarning o‘rni va faolligini yanada oshirish, ularning ilmiy izlanishlari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish, ta’lim jarayonini amaliy ishlab chiqarish bilan yanada uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga keng joriy etish kabi dolzarb masalalar kun tartibidan o‘rin oldi.
Shuningdek, uchrashuv davomida agrar ta’limning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha alohida fikr almashildi. Xususan, meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida yuqori hosildor navlarni yaratish, intensiv bog‘ va tokzorlarni rivojlantirish hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oziq-ovqat texnologiyasi yo‘nalishida esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning sifat hamda xavfsizlik standartlarini ta’minlash masalalari yuzasidan yoshlar tomonidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishida hosilni yo‘qotishsiz saqlash, logistika tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy sovutish va qayta ishlash texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Chorvachilik va zootexnika sohasida esa naslchilikni rivojlantirish, yuqori mahsuldor zotlarni ko‘paytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan yoshlarning tashabbuslari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning fikr va takliflarini eshitish hamda amaliyotga tatbiq etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Muloqot yakunida bildirilgan takliflarni tizimli o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.





