O‘zbekiston–Serbiya: agrar hamkorlikdagi yangi loyihalar sari qadam
2026-02-20 18:05:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish hamda agrar sohada amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Serbiya biznes forumi esa ikki davlat ishbilarmon doiralari uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Unda qishloq xo‘jaligi, investitsiya, savdo va texnologiyalar yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Forum doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qator muhim hujjatlar imzolandi. Xususan, Serbiyaning “Evro Kalem Trade Ltd” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda ko‘chatchilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi tuzildi.
Kelishuvga ko‘ra, dastlab yuqori sifatli meva va manzarali o‘simlik ko‘chatlarini import qilish, keyinchalik esa ularni mahalliy sharoitda yetishtirish hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, fermerlar, agronomlar va texnik mutaxassislar uchun o‘quv dasturlari, seminarlar hamda tajriba almashish tashabbuslari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “Superior d.o.o.” kompaniyasi bilan yuqori sifatli urug‘chilikni rivojlantirish, o‘simliklar seleksiyasini takomillashtirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat asosida agroiqlim sharoitlariga mos gibrid urug‘larni import qilish, keyingi bosqichda esa seleksiya ishlari va mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ushbu kelishuvlar agrar sohada texnologik yangilanishlarni jadallashtirib, mahsulot sifati va eksport salohiyatini oshirish hamda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.


