Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumi: muzokaralar va kelishuvlar maydoni
2024-06-06 10:45:00 / Yangiliklar

Hamkorlar bilan yuzma-yuz koʻrishish, istiqbol va amaliyotdagi imkoniyatlarni toʻgʻri chamalay bilish zaruriy ishlar sirasidan joy olgan. Savollarga javoblar, oʻzingiz haqingizda imkon qadar ochiq maʼlumot berish tadbirkorlikning ajralmas qonuniyatiga aylanib ulgurdi.
Turkiya asrlar davomida oʻzbek diyori bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatish, yangilik va oʻzgarishlarga intiluvchanligi bilan ajralib turadi. Barchasiga esa qatʼiy intizom, ishiga boʻlgan masʼuliyat va vatanparvarlik asos boʻlgan desak, mubolagʻa emas.
Zamonaviy dunyo taraqqiyotining qoidalari ishonchli sherik va hamkor munosabatlarida davom ettirishga zamin yaratayotir.
Davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasiga rasmiy davlat tashrifi doirasida tashkillashtirilgan Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumining tashkil etilishi ham yangidan yangi hamkorlik va investitsion loyihalarni jalb qilishga qaratilgani, oʻzbek va turk agrar soha vakillari uchun ham oʻz yoʻnalishida hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda yana bir imkoniyatlar eshigi boʻlib xizmat qilayotgani rost.
Quvonarli jihati shundaki, sarmoya bilan birgalikda eng soʻnggi ishlanma, ilmiy izlanish natijalari hamda bilim hosilalarini ayni oʻzbek zaminida istiqbolli sanayotgan kompaniya vakillari bilan “B2B” uchrashuvlar doirasida investitsion hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Suv tejovchi texnologiyalar, urugʻchilik, chorvachilik, mahsulotlarni qayta ishlash, mevali koʻchatlar yetishtirish, issiqxona xoʻjaliklari, agrologistika markazlari, innovatsion laboratoriyalar tashkil etish, bogʻ va uzumzorlarni aqlli boshqarish tizimlari, don va dukkakli mahsulotlarning yangi avlodini yetishtirish loyihalari. Bular ayni uchrashuv doirasida muhokama qilingan hamda qogʻozdan amaliyotga koʻchayotgan kelishuvlar.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oʻzaro yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini kengaytirish, samarali va konstruktiv hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Zero, qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi yaqin va har tomonlama manfaatli hamkorlik hamda sohadagi bugungi islohotlar, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, qoʻshilgan qiymat zanjirni yaratishda muhim rol oʻynaydi.
