Romitanda suv boshqaruvi va ayollar faolligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2026-02-03 18:05:00 / Yangiliklar

O‘quv-seminarida fermer ayollar, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari, tegishli mutaxassislar ishtirok etdi. Muhokamalar iqlim o‘zgarishiga moslashishda ayollarning roli va mahalliy darajada suv resurslarini boshqarishning inklyuziv mexanizmlarini joriy etishning ahamiyatiga qaratildi. Shuningdek, Zarafshon daryosi havzasida xotin-qizlarning suv resurslarini boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Iqlim o‘zgarishi, tez-tez uchraydigan qurg‘oqchilik va suv tanqisligi so‘nggi yillarda eng dolzarb global muammolardan biriga aylandi. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun suv resurslarini barqaror va samarali boshqarish masalalari alohida ahamiyatga ega.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun Zarafshon daryosi havzasida Shveysariya hukumati tomonidan Shveysariya Taraqqiyot va Hamkorlik Agentligi (SDC) orqali moliyalashtiriladigan va Karitas Shveysariya (Caritas Switzerland) va Markaziy Osiyo Mintaqaviy Atrof-muhit Markazi (CAREC) konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladigan “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha suvni tejash va samarali foydalanish choralarini, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etishni, iqlim monitoringi stansiyalari va tuproq va yer osti suvlarini kuzatish uchun avtomatlashtirilgan quduqlarni o‘rnatishni hamda mahalliy aholining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv tadbirlarini o‘z ichiga oladi.
Treningning amaliy qismida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, mavjud muammolarni tahlil qilishdi va suv resurslarini boshqarishda ayollarning ishtirokini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berishdi. Ishtirokchilar suv sohasida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishini ta’kidladilar va kelgusida hamkorlik qilishga va aniq qo‘shma choralarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.







