Suv resurslarini boshqarishda gender yondashuvi
2026-02-04 11:00:00 / Yangiliklar

Iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi bugungi kunda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston uchun eng dolzarb muammolardan biriga aylandi.
Shu maqsadda Zarafshon daryosi havzasida Shveysariya hukumati ko‘magida iqlimga chidamli, integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha suvni tejash, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish va mahalliy aholining bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Karmana tumanida o‘tkazilgan seminar mazkur loyiha doirasida gender yondashuvini amaliyotga tatbiq etishga qaratildi. Unda fermer ayollar, mahalla vakillari va mutaxassislar ishtirok etib, suv boshqaruvida ayollarning faolligini oshirish, qaror qabul qilish jarayonlariga ularni keng jalb etish masalalarini muhokama qildilar.
Treningning amaliy qismida ishtirokchilar guruhlarda ishlab, mavjud muammolarga yechim taklif qildilar. Yakunda ayollarning suv sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanishga xizmat qilishi ta’kidlandi.






