O‘zbekiston-Kanada: Agrar ilm-fan yo‘lida yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatdi
2026-01-26 16:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion yondashuvlar va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, bugungi kunda agrar tarmoqda ilm-fan va amaliyot integratsiyasining ahamiyati tobora ortib borayotgani, muammolarga ilmiy yechimlar topish muhim vazifa ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kanadaning “Guelph” universiteti hamda “YASHIL SAHRO” agro-sanoat kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat tomonlar o‘rtasida uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Memorandumning asosiy maqsadi “Yashil sahro” loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat. Hujjat doirasida davlat idorasi, barqaror qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasasi hamda xususiy sektor o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur hamkorlik orqali agroekologik tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy etish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash va bilim almashish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, bunday xalqaro hamkorlik loyihalari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga, ekologik muvozanatni saqlashga hamda agrar tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.









