Qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot va amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi
2026-01-16 13:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda “Pakistan Agricultural Research Council” (PARC) raisi Syed Murtaza Hassan Andrabi hamda “National Institute for Genomics and Advanced Biotechnology” (NIGAB) bosh direktori Khalid Makhmood ishtirok etdi. Muloqotlar davomida tomonlar qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot va innovatsion yondashuvlarni uyg‘unlashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Delegatsiya NARC faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, tezkor seleksiya, kartoshkachilik markazlari, aeroponika asosida urug‘lik kartoshka yetishtirish infratuzilmasi, zaytun yetishtirish loyihalari, chorvachilik dalalari va tajriba xo‘jaliklari, o‘simlik genetik resurslari, oziq-ovqat texnologiyalari hamda zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdi. Zamonaviy laboratoriyalarda olib borilayotgan izlanishlar esa ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam aloqaning samarali namunasi sifatida baholandi.
Uchrashuvlar davomida urug‘chilik va seleksiya, genetik resurslar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Muloqotlarning muhim jihatlaridan biri chorvachilik sohasiga oid masalalar bo‘ldi. Xususan, Pokistonda sut mahsuldorligi kuniga 10 litrgacha yetadigan, go‘sht yo‘nalishida esa 80 kilogrammgacha vazn beradigan yuqori mahsuldor echki zotlari bo‘yicha tajriba almashish va o‘zaro ayirboshlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Tomonlar mazkur zotlarning O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashuvi, ularni seleksiya qilish va ko‘paytirish ishlarini qo‘shma tarzda olib borish istiqbollarini muhim yo‘nalish sifatida belgilab oldilar.
Tashrif yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiyaga asoslangan hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida anglashuv memorandumini ishlab chiqish va imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.









