O‘zbekiston-FAO: oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi navbatdagi qadam
2024-05-17 09:00:00 / Yangiliklar

Sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bir qator hamkor mamlakat va tashkilot vakillari bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib bordi. Binobarin, FAO bosh direktori Suy Dunyuy bilan ikki tomonlama uchrashdi.
Samimiy ruhda boshlangan uchrashuvda FAO bosh direktori Suy Dunyuy vazir Ibrohim Abdurahmonovning mazkur sessiyadagi ishtiroki uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan oqilona siyosati, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdi. O‘tgan yil sentabr oyida davlatimiz rahbari bilan oliy darajadagi uchrashuvda Davlat Rahbarining Samarqandda bo‘lib o‘tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyani doimiy platformaga aylantirish va aniq yo‘nalishlarga urg‘u berish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada O‘zbekistonning “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” xalqaro forumini BMTning turli tadbirlardagi ishtirokini inobatga olgan holda 5-6 sentabr kunlari Toshkentda o‘tkazish taklif etdi.
Vazir mazkur forum haqida so‘z yuritar ekan, Oʻzbekistonda agrar sohani rivojlantirish, islohotlarni chuqurlashtirish, raqobatbardosh, bozor va eksportga yoʻnaltirilgan sifatli mahsulot ishlab chiqarishni oshirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, qoʻshilgan qiymat zanjirni yaratish, sohaga ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etishda muhim rol oʻynashi bilan ahamiyatli ekanini qayd etdi.
Suhbat asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va FAO o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni tobora kengaytirish, xususan, Tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasini sifat jihatdan yanada mustahkamlash masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida joriy yil iyul oyiga qadar Tashkilot vakolatxonasiga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yuqori malaka va ko‘p yillik xalqaro tajribaga ega rasmiy vakilini tayinlashi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘z navbatida, FAO yetakchisi O‘zbekistonning ham bu boradagi sa’y-harakatlariga umid bildirdi.
