Agrar sohada subsidiyalash tizimi yangilanmoqda
2026-01-08 18:45:00 / Yangiliklar

Mazkur Farmonga binoan, endilikda subsidiyalar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratilishi belgilangan. Bu esa sohada davlat qo‘llab-quvvatlashini markazlashtirish, shaffoflikni oshirish va samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Shu bois, ayni paytda Agrar sohada to‘lovlar agentligini tashkil etish jarayoni olib borilayotgani, shuningdek, subsidiya ajratish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani munosabati bilan “Agrosubsidiya” axborot tizimida bir qator subsidiya xizmatlari bo‘yicha ariza qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, paxta xomashyosi yetishtiruvchi xo‘jaliklar uchun “Qishloq xo‘jaligi subyektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya” xizmati bo‘yicha ariza topshirish imkoniyati mavjud.
Mazkur subsidiya doirasida har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 million so‘m miqdorida davlat qo‘llab-quvvatlovi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, paxta xom ashyosi va g‘alla yetishtirish uchun ekin maydonlarini sug‘orishda foydalanilgan nasos agregatlari iste’mol qilgan elektr energiyasi harajatlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha 2024-2025-yillar yakunida yuzaga kelgan qarzdorlik bo‘yicha subsidiya mablag‘lari Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan 2026-yilda qoplab berilishi ma’lum qilinadi.
