Bozorlar to‘kinligi agrar islohotlar samaradorligini ko‘rsatmoqda
2025-12-25 20:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xaridorlar gavjumligi, rastalardagi mahsulotlar to‘kinligi va savdoga xos quvnoq shovqin Yangi yil shodiyonalarining yaqinlashib kelayotganidan darak beradi. Ana shunday fayzli pallada Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent shahridagi “Mirobod” dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur yarmarka aholini sifatli, xavfsiz va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bozorga o‘ziga xos fayz bag‘ishlamoqda. Sabzavot va mevalardan tortib, go‘sht, baliq hamda boshqa muhim oziq-ovqat mahsulotlarigacha arzonlashtirilgan narxlarda taklif etilmoqda.
O‘rganish davomida vazir mas’ullarga bayram kunlari mobaynida mahsulotlar ta’minotida uzluksizlikni ta’minlash, ayniqsa talab yuqori bo‘ladigan mahsulotlar bo‘yicha yetarli zaxiralarni oldindan shakllantirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida baliqchilik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlik doirasida Rossiyadan mamlakatimizga sifatli “Mintay” baliqlari yetkazib berilmoqda. “Mirobod” dehqon bozoridagi yarmarka rastalarida ham mazkur baliqlar aholiga arzonlashtirilgan narxlarda taklif etilib, xaridorlar tomonidan katta qiziqish bilan xarid qilinmoqda.
Arzonlashtirilgan savdo rastalaridagi mahsulotlar to‘kinligi qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlarning amaliy samarasini namoyon etmoqda. Yetishtirishdan boshlab, qayta ishlash va bozorga yetkazib berishgacha bo‘lgan yagona zanjirning barqaror ishlashi ichki bozorni to‘liq va uzluksiz ta’minlashga xizmat qilayotgani kuzatildi.









