Yaponiya tajribasi: Agrar sohada innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi
2025-12-19 17:35:00 / Yangiliklar
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan navbatdagi “Kasbiy ma’rifat soati” o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi bosh mutaxassisi Abdulloxon Shukurov ma’ruza bilan ishtirok etdi. U Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi — JICA tomonidan tashkil etilgan va Yaponiya davlatida sakkiz oy davom etgan o‘quv-seminar doirasida o‘rganilgan ilg‘or tajribalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’ruzada kichik fermer xo‘jaliklarining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan sabzavotchilik texnologiyalari, zamonaviy agrotexnik yondashuvlar, resurslarni tejovchi usullar hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlar muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, taqdimot davomida kichik fermerlar bilan ishlashda ta’lim–amaliyot–natija zanjirining muhimligi, fermerlarning bozorga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishga tayyorlanishi hamda innovatsiyalarni hududiy sharoitlarga moslashtirish masalalari yoritib berildi.
Ta’kidlanganidek, Yaponiya tajribasini O‘zbekiston sharoitida tatbiq etish qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, fermerlar daromadini ko‘paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.









