Aziz yurtdoshlar, qishloq xo‘jaligining tinim bilmas fidoyilari!
2025-12-08 07:00:00 / Yangiliklar

Bu yil agrar sohada erishgan yutuqlarimiz zamirida sizlarning ertangi kunga ishonch va umid bilan qilgan mehnatlaringiz yotibdi.
Inson erki va uning haq-huquqlari Konstitutsiyada aniq-tiniq belgilab berilgan davlatdagina insonlar kelajak uchun rejalar tuzib, ezgu-maqsadlari yo‘lida mana shunday samarali mehnat qilishadi.
Konstitutsiyamizning bosh maqsadi ham xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratishdan iborat.
Shu bois, Bosh Qomusimiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mana shunday ezgu va sharafli maqsad yo‘lida keksa-yu yosh barcha vatandoshlarimiz bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilmoqda, Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lib maydonga chiqmoqda.
Erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqaro maydonda o‘zimizga munosib o‘rin egallashda Asosiy Qomusimiz mustahkam zamin bo‘laversin.
Sizlarni Konstitutsiya kuni bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, shaxsiy hayotingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Ibrohim Abdurahmonov,
Qishloq xo‘jaligi vaziri
