O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2025-11-19 11:05:00 / Ommaviy tadbirlar

Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Toshkent davlat agrar universiteti prorektori Abduaziz Abduvasikov, Xitoy Xalq Respublikasining Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi hamda Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanish olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Mazkur qo‘shma laboratoriya Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi va Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, agronomiya, tuproqshunoslik va o‘simlikshunoslik yo‘nalishlarida zamonaviy ilmiy izlanishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yangi laboratoriyada tuproq va o‘simlik tahlili, o‘g‘itlash tizimlari, agrotexnik yechimlar hamda ekologik barqaror texnologiyalar chuqur o‘rganilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, marosim doirasida Toshkent davlat agrar universiteti prorektori Abduaziz Abduvasikov Xitoyning Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan anglashuv memorandumini imzoladi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston agrar ta’limi va ilm-fani rivojiga qo‘shimcha turtki berib, ilg‘or xalqaro tajribalarni mahalliy tadqiqotlarga integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.






