Paxta terimi sifatini oshiruvchi omil: mexanizatorlar amaliy mashg‘ulotlarda yangi bilimlarga ega bo‘lishmoqda
2025-11-19 09:30:00 / Yangiliklar

Shu yo‘nalishda Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Navoiy viloyatlarida ham paxta terish mashinalari operatorlari uchun navbatdagi nazariy-amaliy seminarlar tashkil etilib, o‘quv jarayoni yuqori darajada o‘tkazildi.
Seminarlarda ishtirokchilarni paxta terimi jarayonining har bir bosqichi bilan yaqindan tanishtirishga alohida urg‘u berildi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida paxta dalalarini terim oldidan to‘g‘ri tayyorlash, hosilni yig‘ib olish va tashishning zamonaviy texnologik ketma-ketligi chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, paxta terish texnikasining tuzilishi va ishlash mexanizmlari bo‘yicha amaliy misollar bilan boyitilgan batafsil darslar olib borildi.
Mutaxassislar mashinalarni boshqarish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, agregatlarni ish jarayoniga mos ravishda sozlash va to‘g‘ri rostlash bo‘yicha amaliy mashqlarni ham tashkil etishdi. Texnikaga xizmat ko‘rsatishda zamonaviy servis yondashuvlari, uzluksiz texnik xizmat madaniyati, shuningdek, texnikani tejamkor va samarali ishlatish ko‘nikmalari tinglovchilarga yetkazildi. Mashinalarni belgilangan standartlar asosida to‘g‘ri saqlash bo‘yicha ham muhim tavsiyalar berildi.
Seminarlar ishtirokchilarga nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki texnikani amalda boshqarish, sozlash, xizmat ko‘rsatish kabi jarayonlarni bevosita o‘rganish imkonini yaratdi. Bu esa mexanizatorlarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan birga, kelgusi paxta mavsumlarida hosildorlikni ko‘tarish va yig‘im-terim sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.









