audio

    16+
    Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini ta’minlash yo‘lida

    Joriy yilning 29-fevral 1-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Qashg‘ar shahriga tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida 1-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov  Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

    O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona hamda ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuqori darajada rivojlanib borayotgani, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.

    Joriy yilning yanvar oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarning yangi davrini boshlab berdi.

    Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

    Shuningdek, mazkur tashrif davomida o‘tkazilgan tadbirlar, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta zamin yaratdi.

    Umumiy hisobda 52 mlrd dollardan ortiq investitsiya kelishuvlariga erishilgani yuqoridagi fikrlarimiz tasdig‘idir.

    O‘tgan 2023-yilda O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida  savdo ko‘rsatgichlari rekord darajaga – qariyb 14 milliard dollarga yetdi.

    Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan juda ko‘p imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

    O‘zaro savdo-iqtisodiy almashinuvlarni rivojlantirishda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni muhim bog‘lovchi “darvoza” vazifasini bajaradi.

    Uchrashuvda Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash, zamonaviy texnologiya, uskunalarni import qilish hamda to‘qimachilik, mis, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilish, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar hamkorlikdagi loyihalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

    • view_icon 905